Bosh qomusimiz qabul qilingan kun AQShda keng nishonlandi
Dekabr 11, 2024. 02:25 • 2 daq
• 454
VASHINGTON, 11-dekabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan AQSh tashqi xizmat xodimlari hamjamiyati bilan hamkorlikda O'zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kunga bag'ishlangan madaniy-ma'rifiy tadbir tashkil qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda AQSh rasmiy, diplomatik, ishbilarmon, akademik doiralari, shuningdek, ta'lim, turizm, madaniyat sohasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida mehmonlarga O'zbekistonning boy tarixiy merosi, qadimiy shaharlari va mamlakatimizda jadal rivojlanayotgan sayyohlik infratuzilmasi haqida taqdimot o'tkazildi. Ishtirokchilarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli iqtisodiy, siyosiy islohotlar, Bosh qomusimizning 32 yilligi va yangilangan Konstitutsiyamizda aks etgan demokratik qadriyatlar, ochiqlik siyosati, hamda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar haqida atroflicha ma'lumot berildi.
Madaniy-ma'rifiy kechada bezatilgan har bir stol buyuk o'zbek ajdodlarining sharafiga nomlandi va mehmonlar Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Al-Xorazmiy, Alisher Navoiy, Zaxiriddin Muhammad Bobur kabi yurtdoshlarimiz jahon jahon tamaddunida tutgan roli, fan, adabiyot, ilmiy meroslari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo'ldilar.
"Azar Foundation" xayriya tashkiloti asoschisi va vasiysi Shaxin Mafi, o'z chiqishida O'zbekiston madaniyati, boy tarixiy merosi va buyuk allomalari qoldirgan ilmiy-ma'rifiy yodgorliklar juda katta ahamiyatga ega ekanini ta'kidladi. " Bugungi kunda O'zbekistonda ayollar va qizlarni qo'llab-quvvatlash, ular uchun teng imkoniyatlar yaratish yo'lida respublikada qilinayotgan ishlar ham alohida e'tiborga loyiq. Mamlakatda ayollar tadbirkorligining rag'batlantirilishi, ta'lim sohasida teng imkoniyatlarning yaratilishi hamda ayollarning jamiyatdagi roli oshirilayotgani kelajak avlodlar uchun mustahkam poydevor bo'lib xizmat qiladi", dedi u.
"Biz o'z a'zolarimiz va do'stlarimiz bilan birgalikda O'zbekiston madaniyati, ko'hna tarixiy shaharlari, rang-barang an'anaviy taomlari bilan tanishib, mamlakatga tashrif buyurgandek his qildik. Endi bizda O'zbekistonga safar qilish, bu go'zal o'lkaning tarixiy obidalari, milliy taomlari va mehmondo'st xalqi bilan yanada yaqindan tanishish istagi tug'ildi", - dedi "Associates of the American Foreign Service Worldwide" tashkiloti prezidenti Selin Ford.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi