Xorijiy diplomatlar Nukusga keldi: diqqat markazida Qoraqalpog‘istonning investitsiyaviy va sanoat salohiyati
Fevral 24, 2026. 11:01 • 51 soniya
• 183NUKUS, 24-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan 40 dan ortiq xorijiy davlatlar elchixonalari diplomatlari va xalqaro tashkilotlar vakillari bugun Nukus shahriga tashrif buyurdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu tashrif Tashqi ishlar, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirliklari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan tashkil etildi.
Dastur doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Farhod Ermanov bilan uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Muloqot chog‘ida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilinishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, tashrif davomida Qoraqalpog‘istonning investitsiyaviy, eksport va turistik salohiyati, shuningdek, hududda amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar haqida taqdimoti o‘tkaziladi. Diplomatlar mintaqadagi sanoat korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishadilar. Xususan, bazalt tolasidan issiqlik o‘tkazmaydigan materiallar ishlab chiqarish, aralash tolali iplar tayyorlaydigan to‘qimachilik fabrikasi, isitish radiatorlari hamda quyosh panellari ishlab chiqarish loyihalari taqdimoti rejalashtirilgan.
Dasturning madaniy qismidan Igor Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat sanʼat muzeyiga tashrif o‘rin olgan. Tashrif yakunida hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini belgilab olish va yangi ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


