Logo

O‘zbekistonlik talabalar Dehlida har yili o‘tkaziladigan yoshlar festivalida ilk bor ishtirok etdi

Fevral 24, 2026. 08:15 • 3 daq

171
O‘zbekistonlik talabalar Dehlida har yili o‘tkaziladigan yoshlar festivalida ilk bor ishtirok etdi
O‘zbekistonlik talabalar Dehlida har yili o‘tkaziladigan yoshlar festivalida ilk bor ishtirok etdi
O‘zbekistonlik talabalar Dehlida har yili o‘tkaziladigan yoshlar festivalida ilk bor ishtirok etdi

DEHLI, 24-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti (O‘zJOKU) delegatsiyasi birinchi marta Hindiston poytaxtida MERI institutlar guruhi (Management Education and Research Institute) tomonidan har yili o‘tkazib kelinadigan “La‘Kermesse” xalqaro talabalar festivalida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“La‘Kermesse” Dehli shahrida uyushtiriladigan yirik universitetlararo tadbirlardan biri bo‘lib, u mamlakatning yetakchi oliy bilim yurtlari talabalarini birlashtiradi. Festivaldan ko‘zlangan asosiy maqsad yosh isteʼdodlarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlash, axborot texnologiyalari, musiqa, raqs, teatr va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha musobaqalar orqali talabalarning ijodiy salohiyatini rivojlantirishdan iboratdir.

O‘zbekiston delegatsiyasining tashrifi O‘zJOKU va MERI institutlar guruhi o‘rtasida 2025-yilda imzolangan Hamkorlik memorandumi ijrosi doirasida amalga oshirildi. Ushbu hujjat akademik almashinuv, qo‘shma tadqiqotlar va madaniy hamkorlikka yo‘naltirilgan uzoq muddatli sheriklikka asos soldi.

O‘zbek yoshlari festivalda taqdim etgan musiqiy dastur festivalning yorqin voqealaridan biri bo‘lib, xalqaro auditoriya tomonidan iliq kutib olindi. Ushbu chiqish hindistonlik tengdoshlar uchun haqiqiy sovg‘a va madaniy birlik ramziga aylandi. Hindiston ommaviy axborot vositalarida qayd etilishicha, o‘zbekistonlik talabalar hind yoshlari bilan tez til topishib, qo‘shma mahorat darslari va akademik sessiyalarda faol qatnashdi.

- O‘zbekistonlik talabalar guruhining tashrifi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha erishgan kelishuvimizni amalga oshirishdagi ilk amaliy qadam bo‘ldi, - deb taʼkidladi MERI institutlar guruhi vitse-prezidenti, professor Lalit Aggarval. - Yaqin istiqbolda biz O‘zJOKU talabalari uchun hindistonlik yetakchi professor va o‘qituvchilarning maʼruzalar turkumini tashkil etishni rejalashtirmoqdamiz. Mavzular eng dolzarb yo‘nalishlarni, jumladan, OAV faoliyatiga ilg‘or axborot texnologiyalarini joriy etish, media sohasida sunʼiy intellekt va mashinaviy o‘rganish, zamonaviy menejment va boshqalarni qamrab oladi.

O‘zJOKU va MERI o‘rtasidagi sheriklik boshqa muhim yo‘nalishlarda ham rivojlanadi. Tomonlar qo‘shma ilmiy jurnallar va maqolalar to‘plamlarini nashr etish, ilmiy konferensiyalar o‘tkazish, shuningdek, talabalar va o‘qituvchilar delegatsiyalarining muntazam almashinuvini tashkil etish rejalarini muhokama qilmoqda.

O‘zJOKU delegatsiyasining Dehliga tashrifi O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida taʼlim sohasida jadal rivojlanayotgan hamkorlikning yorqin ifodasi bo‘ldi. 2025-yil may oyida Dehlida O‘zbekiston-Hindiston taʼlim va biznes sammiti bo‘lib o‘tgan hamda ushbu tadbirda O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti faol ishtirok etgandi.

Ushbu jarayonning mantiqiy davomi sifatida javob tashrifi kutilmoqda. Joriy yilning mart oyida MERI institutlar guruhi rahbariyati delegatsiyasining O‘zbekistonga safari rejalashtirilgan. Uning doirasida O‘zJOKUda muzokaralar o‘tkazilishi, kelgusi hamkorlikning «yo‘l xaritasi» va qo‘shma dasturlarning amaliy parametrlarini muhokama qilish nazarda tutilmoqda.

O‘zbekistonlik talabalarning tashrifi va ularning “La‘Kermesse-2026” festivalidagi ishtiroki taʼlim diplomatiyasi va madaniy almashinuv ikki mamlakat yosh avlodi o‘rtasida do‘stlik aloqalarini mustahkamlash, professional va shaxsiy rivojlanish uchun yangi ufqlar ochish imkoniyatlarini taqdim etayotganini yaqqol namoyish etdi.



Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish