Logo

Atirau va Uralskdan Toshkentga muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi

Mart 31, 2026. 16:40 • 2 daq

40
Atirau va Uralskdan Toshkentga muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi

OQTOV, 31-mart. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning 23 va 30-mart kunlari O‘zbekistonning Oqtov shahridagi Bosh konsulxonasi ko‘magida “Uzbekistan Airways” milliy aviakompaniyasi hamda “Centrum Air” aviakompaniyasi tomonidan Toshkent–Atirau va Toshkent–Uralsk yo‘nalishlari bo‘yicha dastlabki aviareyslar amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Yangi yo‘nalishlarning ochilishi Qozog‘istonning mahalliy turistik korxonalari va keng jamoatchiligi tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Ta’kidlanganidek, Toshkent shahriga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi G‘arbiy Qozog‘iston hududlari uchun iqtisodiy va turistik yo‘nalishda yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Mutaxassislarning qayd etishicha, G‘arbiy Qozog‘iston viloyatlari aholisi orasida O‘zbekistonga sayyoh sifatida tashrif buyurish va yurtimizdagi zamonaviy sanatoriyalarda sog‘lomlashtirish muolajalarini olishga bo‘lgan talab juda yuqori. Yangi aviaqatnovlar nafaqat ommaviy turizmni rivojlantirishga, balki “premium”toifasidagi sayyohlar oqimini oshirishga ham xizmat qiladi.

Bundan tashqari, mahalliy aholi va ishbilarmon doira vakillari uchun Toshkent xalqaro aeroportining mintaqaviy “xab” sifatidagi imkoniyatlari yuqori baholandi. Endilikda Atirau va Uralsk shaharlari aholisi Toshkent orqali dunyoning boshqa mamlakatlariga tranzit va ulanish reyslari yordamida qulay sharoitlarda yetib olishlari mumkin.

Bu kabi strategik hamkorlik ikki qardosh davlat o‘rtasidagi transport-logistika aloqalarini mustahkamlash bilan bir qatorda, mintaqalararo madaniy-gumanitar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish