Xitoyning Xanchjoushahrida O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati namoyish etildi
Mart 31, 2026. 14:46 • 2 daq
• 19
XANCHJOU, 31-mart. /“Dunyo” AA/. Xitoy xalqaro savdo palatasi Chjetsyan provinsiyasi Xanchjou direktorlar kengashining yillik sessiyasi doirasida mamlakatimizning investitsiyaviy imkoniyatlari taqdim etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda davlat tuzilmalari, 500 dan ortiq yirik mahalliy va xorijiy kompaniyalar, shuningdek, O‘zbekiston, Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, Chili, Misr va Indoneziya diplomatik vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi.
Taqdimot davomida O‘zbekistonning Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasi vakillari ishtirokchilarga so‘nggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyotni liberallashtirish, qulay investitsiya muhitini shakllantirish va tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi. O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotgani, hududlararo hamkorlik va muhim tarmoqlardagi qo‘shma loyihalar ikki mamlakat iqtisodiy taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shayotgani alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, tadbir qatnashchilariga respublikaning ulkan infratuzilmaviy salohiyati, xorijiy investorlarga berilayotgan qator imtiyozlar haqida batafsil so‘zlab berildi. O‘zbekistonda biznes yuritishning asosiy afzalliklari, jumladan, milliy va mintaqaviy investitsiya loyihalarida ishtirok etish imkoniyatlari, soliq va bojxona imtiyozlari, eksportni qo‘llab-quvvatlash choralari, shuningdek, Markaziy Osiyo, MDH va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bozorlariga chiqish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zaro fikr va tajriba almashdilar, shuningdek, kelgusidagi hamkorlik hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
Xitoy xalqaro savdo palatasi 30 mingdan ortiq yirik kompaniya va korporatsiyalarni birlashtirgan davlat organi hisoblanadi. Uning faoliyati savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirishga, xorijiy va mahalliy ishbilarmon doiralar, savdo palatalari hamda tegishli tashkilotlar o‘rtasida aloqalarni o‘rnatish va rivojlantirishga qaratilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi