Logo

Nemis matbuotida Toshkentda o‘tkazilgan suv xavfsizligi forumi keng yoritildi

Aprel 27, 2026. 14:55 • 2 daq

314
Nemis matbuotida Toshkentda o‘tkazilgan suv xavfsizligi forumi keng yoritildi

BERLIN, 27-aprel. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning mashhur “GFZ Helmholtz-Zentrum für Geoforschung” ilmiy-tadqiqot markazi rasmiy veb-saytida yurtimizda bo‘lib o‘tgan VIII Toshkent suv xavfsizligi forumi haqida tahliliy maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda yozilishicha, Toshkent shahrida o‘tkazilgan ushbu anjumanda dunyoning 19 ta davlatidan yuz nafarga yaqin yetakchi ekspert jamlandi. Forum “Bilimdan amaliy harakatga: Markaziy Osiyoda suv xavfsizligini taʼminlashda ilm-fan va siyosat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash” mavzusiga bag‘ishlandi.

Maqolada taʼkidlanishicha, mintaqada suv xavfsizligini taʼminlash masalasi global iqlim o‘zgarishi sharoitida tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu sababli, ilmiy tadqiqotlar natijalarini bevosita amaliyotga joriy etish va davlatlararo hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish ustuvor vazifa sifatida qayd etilgan.

Tadbir Germaniyaning “Green Central Asia” (Yashil Markaziy Osiyo) tashabbusi doirasida “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Anjuman ishtirokchilari Markaziy Osiyodagi yirik transchegaraviy daryolar — Amudaryo va Sirdaryo havzalarini samarali boshqarish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini yumshatish masalalarini atroflicha muhokama qildi.

Mutaxassislarning fikricha, tez-tez kuzatilayotgan qurg‘oqchilik va ekstremal ob-havo hodisalari mintaqada suv resurslariga bo‘lgan bosimni yana-da kuchaytirmoqda.

Germaniya ilmiy markazining xulosa qilishicha, Toshkent forumi ilmiy yondashuvlarga asoslangan siyosiy qarorlar qabul qilish va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishni taʼminlashning eng samarali yo‘lidir.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish