Logo

O‘zbekiston va Malayziya Ombudsmanlari o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi

Fevral 02, 2026. 19:25 • 2 daq

20
O‘zbekiston va Malayziya Ombudsmanlari o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi

KUALA-LUMPUR, 2-fevral. /“Dunyo” AA/. Osiyo-Tinch okeani forumi doirasida O‘zbekiston Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova Malayziyaning Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi (SUHAKAM) raisi Mohd Hishamudin Yunus bilan uchrashuvdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi vakolatlar, milliy institutlar faoliyati tajribasi, murojaatlar bilan ishlash amaliyoti va parlament bilan hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Xorijiy tomonga mamlakatimizda inson huquqlarini taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, milliy mexanizmlar hamda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) instituti va boshqa muassasalarning faoliyati hamda sohaga oid qabul qilingan qonun hujjatlari haqida batafsil maʼlumot berildi.

Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida inson huquqlarini taʼminlash sohasida kengaytirilgan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) va Malayziya Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi “Suhakam” o‘rtasida o‘zaro Anglashuv memorandumini imzolash, inson huquqlari sohasida ushbu institutlar tomonidan tashkil etiladigan o‘zaro tadbirlarda ishtirok etish, tajriba almashish va malaka oshirish dasturlarini tashkil qilishga kelishib olindi.

SUHAKAM – Malayziya Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi Parlament tomonidan 1999 yilda qabul qilingan “Malayziya Inson huquqlari komissiyasi to‘g‘risida”gi Qonun asosida tashkil etilgan. Ushbu tashkilot 2000 yildan boshlab o‘z faoliyatini amalga oshirib kelmoqda. Komissiya raisi va aʼzolari qonunchilikda belgilangan tartibda Malayziya Podshohi tomonidan Bosh vazir tavsiyasi asosida tayinlanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish