Logo

O‘zbekiston Prezidenti Navoiy xalqaro aeroporti faoliyati samaradorligini oshirish hamda aviatsiya korxonalarini transformatsiya qilish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi

Fevral 02, 2026. 18:30 • 3 daq

25
O‘zbekiston Prezidenti Navoiy xalqaro aeroporti faoliyati samaradorligini oshirish hamda aviatsiya korxonalarini transformatsiya qilish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi
O‘zbekiston Prezidenti Navoiy xalqaro aeroporti faoliyati samaradorligini oshirish hamda aviatsiya korxonalarini transformatsiya qilish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi

TOSHKENT, 2-fevral. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Navoiy xalqaro aeroporti faoliyati samaradorligini oshirish hamda aviatsiya korxonalarini transformatsiya qilish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati taʼkidlaganidek, Navoiy xalqaro aeroportining asosiy ko‘rsatkichlari 2025-yilda 2024-yilga nisbatan o‘sganiga qaramasdan, havo kemalariga xizmat ko‘rsatish, yo‘lovchi va yuk tashish bo‘yicha maksimal quvvatlaridan to‘liq foydalanilmayapti.

Shuningdek, aeroport infratuzilmasi, texnika parki, yuk va yo‘lovchi terminallarini modernizatsiya qilish, faoliyat jarayonlarini raqamlashtirish zarur.

Taqdimotda Navoiy xalqaro aeroportini loyihaviy boshqaruv tamoyillari asosida rivojlantirish taklif etildi.

Aeroportni “Uzbekistan Airports” AJning markazlashgan operativ boshqaruv tizimidan ajratgan holda, unga mahalliy va xorijiy aviakompaniyalar bilan yo‘lovchi va yuk tashish, tranzit hamda texnik qo‘nishlar bo‘yicha mustaqil muzokaralar olib borish hamda shartnomalar tuzish huquqi beriladi.

Aeroport daromadlarini uning infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yoqilg‘i rezervuarlarini kengaytirish, havo kemalarini taʼmirlash va bo‘yash xizmatlarini joriy etishga yo‘naltirish orqali aviatsiya xizmatlari eksportini oshirish vazifalari belgilandi.

Navoiy xalqaro aeroportini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan biznes rejasi to‘g‘risida axborot berildi. Unga ko‘ra, tijorat va noaviatsion faoliyat ko‘rsatkichlari 50 foizga oshiriladi, 25 tadan ortiq aviakompaniyalarning doimiy parvozlari yo‘lga qo‘yilib, qayta ishlanadigan yuk hajmi 20 ming tonnadan oshiriladi.

Aeroport hududida havo kemalariga texnik va tijorat xizmatlari ko‘rsatishga ixtisoslashgan “porto-franko” erkin bojxona zonasini tashkil etish taklif qilindi.

2029-yil 1-yanvarga qadar havo kemalariga xizmat ko‘rsatish uchun olib kiriladigan maxsus texnika va ehtiyot qismlar bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi. Shuningdek, hududdagi mehmonxona aeroport tasarrufiga o‘tkazilishi belgilandi.

Taqdimotda fuqaro aviatsiyasi korxonalarini transformatsiya qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Korxonalar faoliyati samaradorligini oshirish va moliyaviy barqarorlikni taʼminlash maqsadida xarajatlarni qisqartirish, resurslardan oqilona foydalanish hamda asosiy faoliyat turiga xos bo‘lmagan xizmatlarni autsorsingga o‘tkazish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar haqida axborot berildi.

Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, elektr energiyasida harakatlanuvchi maxsus transport vositalaridan foydalanish orqali ekspluatatsion xarajatlarni kamaytirish zarurligi qayd etildi.

2026-yildan boshlab “Uzbekistan Airvays” va “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan nosohaviy faoliyatni moliyalashtirish to‘xtatilishi belgilandi. “Uzbekistan Airports” faoliyati 18 ta, “Uzbekistan Airvays” faoliyati esa 16 ta ustuvor vazifa asosida amalga oshiriladi.

Jumladan, korxonalarda xizmatlar sifatini oshirish orqali raqobatbardoshlikni mustahkamlash, xizmat va mahsulot tannarxini hisoblashda maqbul metodologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish jarayonlarining barcha bosqichlarini raqamlashtirish, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.

Transformatsiya doirasida tashkiliy tuzilmalarni qayta ko‘rib chiqish, shtat birliklarini maqbullashtirish, xalqaro kredit reytinglarini oshirish, IPOga chiqish hamda korporativ xalqaro obligatsiyalarni joylashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Yig‘ilishda aviatsiya sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish masalalari, jumladan, Fuqaro aviatsiyasi universiteti va uning qoshida aviatsiya texnikumini tashkil etish ishlarining borishi ko‘rib chiqildi.

Taʼlim muassasalari AQSHning “Embry-Riddle”, Fransiyaning “ENAS” kabi yetakchi xalqaro aviatsiya taʼlim markazlari bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Universitetda bort kuzatuvchi, aviatsiya texnikasi bo‘yicha mutaxassislar va mexaniklar kabi amaliy kasblar bilan birgalikda uchuvchilik, muhandislik, havo harakati dispetcherligi, boshqaruv bo‘yicha ham kadrlar tayyorlash va ilmiy dasturlar yo‘lga qo‘yiladi.

Prezidentimiz takliflarni maʼqullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.



Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish