Germaniya Bundestagi qo'mitasi delegatsiyasi amaliy tashrif bilan O'zbekistonda bo'ldi
Oktabr 27, 2025. 20:28 • 2 daq
• 478
TOSHKENT, 27-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Germaniya Bundestagi (parlamenti) Qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat va Vatan qo'mitasi a'zolaridan iborat delegatsiya tashrif bilan O'zbekistonda bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mamlakatimiz parlamenti quyi palatasida Germaniya delegatsiyasi bilan bo'lib o'tgan uchrashuvda institutsional asosni mustahkamlash yo'lida parlamentlararo aloqalar faollashayotgani qayd etildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining agrar va suv xo'jaligi masalalari qo'mitasi hamda Senatning agrar, suv xo'jaligi va ekologiya qo'mitasida bo'lib o'tgan uchrashuvda sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, melioratsiya, urug'chilik, mexanizatsiya va veterinariya bo'yicha qo'shma loyihalar muhokama qilindi.
Tomonlar do'stlik guruhlari ishini faollashtirish va doimiy ekspertlar maydonchasini shakllantirish bo'yicha kelishuvga erishdilar.
Shuningdek, O'zbekiston qishloq xo'jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov va Germaniya Bundestagi Qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat va Vatan qo'mitasi raisi Xermann Ferber o'rtasida kechgan uchrashuvda tomonlar chorvachilik, agrosektorni raqamlashtirish, baliqchilik yo'nalishlarida yangi qo'shma tashabbuslar hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish uchun nemis texnologiyalarini joriy etishning amaliy mexanizmlari yuzasidan fikr almashdilar.
Muloqot chog'ida kadrlar tayyorlash masalasiga alohida e'tibor qaratildi. Germaniyada talaba va yosh fermerlar uchun amaliyot dasturlarini kengaytirish, oliy ta'limda dual tizimni rivojlantirish, o'quv modullarini amaliy ko'nikmalar va ekologik barqarorlikka yo'naltirish rejalari bayon etildi.
Toshkent davlat agrar universitetida nemis mutaxassislari ishtirokida "Barqaror qishloq xo'jaligi va kelajak ta'limi" mavzusida davra suhbati bo'lib o'tdi.
Konrad Adenauer jamg'armasining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy dasturi hamkorligida tashkil etilgan mazkur muloqotda agrar ta'limni modernizatsiya qilish, ilmiy-tadqiqot ustuvor yo'nalishlari, atrof-muhitni muhofaza qilish va oziq-ovqat xavfsizligi masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Samarali tashrif muzokaralari yakunida aniq loyihalarni ishlab chiqishni davom ettirishga kelishib olindi.
Dasturga ko'ra, nemis delegatsiyasi suv taqchilligini o'rganish maqsadida Qoraqalpog'istonga ham safar amalga oshirdi.
Ta'kidlash joizki, mamlakatlarimiz o'rtasida qishloq xo'jaligi sohasida hamkorlik tobora kengaymoqda. Xususan, "Iqlimga chidamli dehqonchilik bo'yicha Germaniya-O'zbekiston muloqoti" loyihasi amalga oshirilmoqda. Unda asosiy e'tibor chorvachilikka ixtisoslashgan kichik fermer xo'jaliklar uchun yem-xashak tayyorlash va sut mahsuloti olishga qaratilgan. Shuningdek, Qoraqalpog'istonda Germaniya xalqaro hamkorlik tashkilot tomonidan fermerlarni iqlimga moslashtirish uchun suvni tejovchi texnologiyalar va qurg'oqchilikka chidamli ekinlarni ekishni qo'llab-quvvatlash loyihasi olib borilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston va Vengriya parlamentlari o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi
Oliy Majlis Senati raisi Vengriya Prezidenti bilan uchrashdi