Logo

Senatda O'zbekistonning BAA, Kuvayt va Hindistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining hisobotlari tinglandi

Oktabr 23, 2025. 18:03 • 2 daq

65
Senatda O'zbekistonning BAA, Kuvayt va Hindistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining hisobotlari tinglandi

TOSHKENT, 23-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo'mitasi majlisida O'zbekistonning BAA, Kuvayt va Hindistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari o'z faoliyati haqida hisobot berdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Parlament yuqori palatasi ma'lumotiga ko'ra, ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, oliy va yuqori darajadagi tashriflar doirasida imzolangan "yo'l xaritalari" ijrosini ta'minlash masalalari izchil bajarilayotgani qayd etildi. 

Investitsiya va savdo aloqalarini kengaytirish, energetika, sanoat, qurilish va qishloq xo'jaligi sohalarida qo'shma loyihalarni amalga oshirish, turizmni rivojlantirish hamda xorijdagi vatandoshlar huquq va manfaatlarini himoya qilish yo'nalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berildi. 

O'zbekistonning BAA, Kuvayt va Hindiston bilan savdo-iqtisodiy, investitsiya, energetika, sanoat, innovatsiya sohalaridagi ko'p qirrali hamkorligi tobora kengayib bormoqda. "Yashil iqtisodiyot", "aqlli shaharlar" va ziyorat, tibbiyot va ishbilarmonlik turizmi kabi muhim yo'nalishlarda yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan birgalikda istiqbolli yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, mamlakatimizning ushbu davlatlar bilan iqtisodiyot, moliya, energetika, ta'lim, transport, logistika, farmatsevtika, qishloq xo'jaligi va axborot texnologiyalari kabi muhim sohalardagi o'zaro hamkorlik aloqalari rivojlanayotgani qayd etildi.

Prezidentimiz tomonidan belgilangan vazifalardan kelib chiqib, elchixonalar har bir sohani rivojlantirish uchun zamonaviy, innovatsion va raqamli texnologiyalar hamda sun'iy intellektdan samarali foydalanish bo'yicha tegishli ishlarni amalga oshirmoqda. 

Majlis yakunida diplomatik vakolatxonalar faoliyati samaradorligini oshirish, tashqi iqtisodiy hamkorlik hamda turizmni jonlantirish, hududlar o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, shu jumladan, xorijda ko'rgazmalar va savdo uylarini ko'llab-quvvatlash orqali eksport hajmini oshirish kabi qator takliflar bildirildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish