O‘zbekiston yetakchisining Sankt-Peterburgga tashrifi Pokiston OAV nigohida
Dekabr 23, 2025. 16:44 • 2 daq
• 83ISLOMOBOD, 24-dekabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The World News” va “The Diplomatic Insight” elektron nashrlarida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga tashrifiga oid maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ularda O‘zbekiston yetakchisi 21–22-dekabr kunlari Yevroosiyo Oliy iqtisodiy kengashining navbatdagi majlisida kuzatuvchi maqomida va MDH davlat rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etgani xabar qilingan.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-dekabr kuni Sankt-Peterburgdagi “Ermitaj” davlat muzeyida MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi. Uchrashuvda joriy yildagi birgalikdagi ishlarning asosiy yakunlari sarhisob qilindi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi”, – deyilgan nashrlarda.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston rahbari o‘zaro tovar ayirboshlashni oshirish uchun yana-da qulay sharoitlar yaratish, transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro investitsiyalar o‘sishini rag‘batlantirish va kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, energetika va raqamlashtirishda sheriklikni mustahkamlash, fan, taʼlim, madaniyat va sanʼat sohalarida qo‘shma loyihalarni kengaytirish, shuningdek, hududlar o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish muhimligi taʼkidladi.
Shuningdek, Pokiston ommaviy axborot vositalari Rossiyaga amaliy tashrif doirasida N.A.Rimskiy-Korsakov nomidagi Sankt-Peterburg davlat konservatoriyasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonga Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tgani haqida yozgan.
“Ushbu mukofot insonparvarlik g‘oyalariga sadoqatni ifodalashi va Markaziy Osiyoni tinchlik, farovonlik hamda bunyodkorlik makoniga aylantirish yo‘lidagi umumiy hissaning eʼtirofidir. Birodar O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochilishi uch mamlakat xalqlarining siyosiy irodasi, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikka intilishi tufayli sodir bo‘ldi”, – deb urg‘ulagan Pokiston OAV.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
Rossiyaning “Первый канал”ida Samarqand haqida maxsus ko‘rsatuv namoyish etildi
.

