Logo

O‘zbek shoirining kitobi Hindistonda ingliz tilida nashr etildi

Dekabr 20, 2025. 10:00 • 2 daq

343
O‘zbek shoirining kitobi Hindistonda ingliz tilida nashr etildi

DEHLI, 20-dekabr. /“Dunyo” AA/. Hindiston poytaxti Dehli shahrida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, taniqli shoir Shuhrat Orifning sheʼriy to‘plami ingliz tilida nashrdan chiqdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

«The Flying Leaf» («Uchayotgan yaproq») deb nomlangan kitob «VK Global Publications» nashriyot uyi tomonidan chop etilgan.

Mazkur voqea O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida izchil rivojlanib borayotgan madaniy-gumanitar hamkorlikning navbatdagi ifodasi bo‘ldi. So‘nggi yillarda turli sohalarda, jumladan, ijodiy uyushmalar, nashriyotlar va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi aloqalar faol mustahkamlanib bormoqda.

To‘plamning ingliz tilida nashr etilishi alohida ahamiyatga ega, chunki u zamonaviy o‘zbek adabiyotini jahon miqyosida keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi hamda O‘zbekiston va Hindiston xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni yana-da chuqurlashtiradi.

Bu, ayniqsa, zamonaviy sheʼriyat orqali o‘z tengdoshlarining qadriyatlari va dunyoqarashi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘layotgan har ikki davlat yoshlari uchun juda muhimdir.

Shuhrat Orifning sheʼriy asarlarini ingliz tiliga isteʼdodli o‘zbek shoirasi Munira Norova tarjima qilgan.

Ikki mamlakat adiblari o‘rtasidagi ijodiy aloqalar izchil mustahkamlanishda davom etmoqda. Bunga yaqinda hindistonlik tadqiqotchi va tarjimon Shamenaz Shayx Bano tomonidan taniqli o‘zbek shoiri Anvar Obidjonning “Meshpolvon” kitobi hind tiliga tarjima qilingani ham yorqin misol bo‘la oladi.

Shuhrat Orifning yangi to‘plami taqdimoti 2026 yil yanvar oyida dunyodagi eng nufuzli xalqaro kitob ko‘rgazmalaridan biri — «New Delhi World Book Fair» doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Shuhrat Orif o‘zbek adabiyotini xorijda faol targ‘ib qilayotgan ijodkorlardan biri sifatida tanilgan. Birgina joriy yilning o‘zida uning kitoblari Anqarada turk tilida («Mavi erk») va Bishkekda qirg‘iz tilida (“44-kuz”) nashr etildi.

Yangi sheʼriy to‘plam nafaqat madaniyatlararo muloqotga hissa qo‘shadi, balki O‘zbekiston va Hindiston adabiy hamda nashriyot doiralari o‘rtasidagi kelgusidagi samarali hamkorlik uchun yangi istiqbollarni ochadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish