Nyu-Yorkdagi “Carnegie Hall” sahnasida taniqli o‘zbek pianinochisi Behzod Abduraimovning konsert dasturi o‘tkazildi
May 08, 2026. 11:25 • 2 daq
• 255NYU-YORK, 8-may. /“Dunyo” AA/. AQSHdagi mashhur “Carnegie Hall” konsert zalida taniqli o‘zbek pianinochisi Behzod Abduraimovning konserti dasturi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Manxetten markazida joylashgan “Carnegie Hall” jahon klassik musiqasining eng nufuzli maydonlaridan biri hisoblanadi. 1891-yilda ochilgan mazkur mashhur konsert zali bugungi kunga qadar dunyoning yetakchi ijrochilari va musiqa jamoalarini qabul qilib kelmoqda.
O‘zbekistonning BMTdagi Doimiy vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilgan ijodiy tadbirda diplomatik korpus, ishbilarmon va madaniy doiralar vakillari, shuningdek, AQSHning ko‘plab mumtoz musiqa ixlosmandlari ishtirok etdi.
Konsert dasturidan buyuk kompozitorlar – Brams, Cherni, List, Debyussi va Stravinskiy asarlari o‘rin olib, tomoshabinlarga jahon mumtoz musiqasining betakror durdonalari taqdim etildi.
Nyu-Yorkdagi ushbu chiqish tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi va xalqaro madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash, O‘zbekistonning boy madaniy merosini targ‘ib qilishga xizmat qildi.
Konsertdan so‘ng O‘zbekiston diplomatlari tomonidan pianinochi, BMTga aʼzo davlatlarning doimiy vakillari, shuningdek, Amerika siyosiy, ijtimoiy va madaniy doiralari vakillari ishtirokida rasmiy qabul marosimi tashkil etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



