Logo

Londonda Temuriylar merosiga bag‘ishlangan xalqaro forum bo‘lib o‘tadi

Aprel 28, 2026. 17:58 • 2 daq

96
Londonda Temuriylar merosiga bag‘ishlangan xalqaro forum bo‘lib o‘tadi

LONDON, 28-aprel. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston elchixonasida buyuk sarkarda va davlat arbobi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-madaniy forum bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Aprel oyida Toshkent va Samarqand shaharlarida Amir Temur va Temuriylar sivilizatsiyasining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyatiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Madrid shahrida olimlar, ekspertlar va diplomatik korpus vakillari ishtirokida o‘tkazilgan xalqaro tadbir dasturining navbatdagi bosqichi bo‘ldi. Londonda Amir Temur va Temuriylar merosi bo‘yicha tashkil etiladigan tadbir esa keng ko‘lamli tantanalarning muhim davomi bo‘ladi.

Rejalashtirilgan forum Sharq va G‘arb o‘rtasidagi ko‘p asrlik intellektual va madaniy muloqotning davomiyligini taʼminlashi ko‘zda tutilgan.

Madaniy uchrashuv dasturida milliy va xalqaro ilmiy doiralar vakillari, yetakchi ekspertlar, xalqaro tashkilotlar va hamkor tuzilmalar mutaxassislari Amir Temur hayoti va faoliyati haqida turli taqdimotlar namoyish qilishi rejalashtirilgan.

YEXHT, Buyuk Britaniyaning tegishli huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari ishtirokidagi muhokamalar davomida madaniy merosni asrab-avaylash borasida fikr almashiladi. Shu bilan birga, tarixiy boyliklarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish, huquqiy hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlash va jahon sivilizatsiyasi yodgorliklarini saqlash yo‘nalishidagi xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilinadi.

“Londonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan forumning asosiy voqeasi “Noqonuniy olib chiqilgan madaniy boyliklarni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tantanali topshirish” marosimi bo‘ladi. Ushbu aksiya jahon hamjamiyati O‘zbekiston Prezidentining mamlakatimiz tarixiga oid qator noyob osori-atiqalarni Vatanga qaytarish bo‘yicha olib borayotgan siyosatini qo‘llab-quvvatlayotganining muhim tasdig‘idir”, deydi O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov.

Shuningdek, tadbir doirasida “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi WOSCUning “Markaziy Osiyo qo‘lyozma merosi Kembrij universiteti kutubxonalarida” nomli yangi fundamental nashri taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Ushbu asar ustida doktor Firuza Melvill o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan birgalikda uch yil davomida ish olib borgan.

Forumning Londonda o‘tkazilishi buyuk Temuriylar merosi zamonaviy dunyo xalqlari, mamlakatlari va ilmiy maktablarini birlashtirishda davom etayotganining yana bir tasdig‘i bo‘ladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish