Logo

Niklas Vagner: Markaziy Osiyoning barqarorligi Germaniya manfaatlariga javob beradi

Aprel 16, 2026. 19:04 • 3 daq

178
Niklas Vagner: Markaziy Osiyoning barqarorligi Germaniya manfaatlariga javob beradi
Niklas Vagner: Markaziy Osiyoning barqarorligi Germaniya manfaatlariga javob beradi
Niklas Vagner: Markaziy Osiyoning barqarorligi Germaniya manfaatlariga javob beradi

XIVA, 17-aprel. /“Dunyo” AA/. 16-17-aprel kunlari Xiva shahrida “O‘zgaruvchan dunyoda strategik hamkorlik” mavzusida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya ekspertlarining birinchi forumi bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo”AA muxbiri.

Konferensiya davomida GFR Tashqi ishlar vazirligining Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha vakili Niklas Vagner ishtirokchilarga murojaat qildi. U Markaziy Osiyo Germaniya va Yevropa Ittifoqi uchun tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi.

Germaniya TIV vakili 2023-yilda Berlinda, 2024-yilda esa Ostonada “Germaniya - Markaziy Osiyo” sammitlari bo‘lib o‘tganini yodga oldi. Bundan tashqari, ikki oy oldin Berlinda mintaqa mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari ishtirokida “C5+1” formatidagi birinchi vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. “Biz bu yil mintaqada yana bir sammitni ko‘rishga umid qilamiz”, - dedi u.

Niklas Vagner Berlin iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini alohida taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya va Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun istiqbolli eksport bozorlari hisoblanadi. Bu esa mintaqaning iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilishga intilishiga mos keladi.

Shu munosabat bilan u xalqaro investorlar uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha ishlarni davom ettirish muhimligini taʼkidladi. Qonun ustuvorligini taʼminlash, iqtisodiy shaffoflik va korrupsiyaga qarshi qonunchilikni takomillashtirish shular jumlasidandir.

Germaniya tomoni vakili energetika sohasiga alohida eʼtibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasidagi tajribasini baham ko‘rishga va Markaziy Osiyoning energiya xavfsizligini mustahkamlash yo‘lida birgalikda ishlashga tayyor.

Niklas Vagner mintaqa mamlakatlarining mintaqa ichidagi hamkorlikni rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi. U Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yillik Maslahat uchrashuvlari formati o‘zaro hamkorlikning samarali mexanizmiga aylanganini eʼtirof etdi. Shuningdek, ushbu platforma xavfsizlik, barqaror rivojlanish, suv resurslarini boshqarish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish masalalarida muvofiqlashtirishni chuqurlashtirishga xizmat qilishini bildirdi.

So‘zining yakunida GFR Tashqi ishlar vazirligi vakili Germaniya va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi rivojlanib borayotgan strategik sheriklik o‘z-o‘zidan maqsad emas, balki bu ikki tomon manfaatlari yo‘lida aniq natijalar va taraqqiyotga erishishga qaratilgan doimiy jarayon ekanini taʼkidladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan Fridrix Ebert va Konrad Adenauer jamg‘armalari bilan hamkorlikda Xiva shahrida tashkil etilgan forum davlatimiz rahbarining 2024-yil Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Germaniya” sammiti doirasida ilgari surgan doimiy ekspert platformasini yaratish tashabbusining amaliy natijasi hisoblanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish