Logo

Markaziy Osiyo mamlakatlarida bir-birini tinglashga va birgalikda oldinga intilishga tayyorlik mavjud

Aprel 16, 2026. 14:00 • 5 daq

285
Markaziy Osiyo mamlakatlarida bir-birini tinglashga va birgalikda oldinga intilishga tayyorlik mavjud

TOSHKENT, 16-aprel. /“Dunyo” AA/. Ostonada Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi (OQXJ) sammiti arafasida Markaziy Osiyo xalqaro institutida (MOXI) “Iqlim o‘zgarishi sharoitida Markaziy Osiyoda suv xavfsizligini taʼminlash” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir MOXI tomonidan Xalqaro suv resurslarini boshqarish institutining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi (IWMI) bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Unda Markaziy Osiyo mamlakatlarining yetakchi tahliliy va ilmiy-tadqiqot markazlari, tegishli xalqaro tashkilotlar, jumladan, Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining Ilmiy-axborot markazi mutaxassislari, diplomatik korpus vakillari, shuningdek, Afg‘onistonlik ekspertlar ishtirok etdilar.

Davra suhbati ishtirokchilari Markaziy Osiyoda suv xavfsizligi, OQXJ doirasidagi mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, Afg‘onistonni mintaqaviy suv muloqotiga jalb qilish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildilar.

MOXI direktori Javlon Vaxabov tadbirni ochib, Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishi oqibatlariga nisbatan dunyodagi eng taʼsirchan hududlaridan biri ekanligini, bu yerda iqlim o‘zgarishi sayyoradagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan tezroq sodir bo‘layotganligini taʼkidladi. Natijada, muzliklarning erishi va tabiiy ofatlar, shuningdek, jadal demografik o‘sish, urbanizatsiya va sanoatlashtirish jarayonlari bilan bog‘liq texnogen omillar tufayli mintaqadagi suv-ekologik vaziyatning yomonlashuvi oqibatlari alohida tashvish uyg‘otmoqda.

Shu nuqtai nazardan, institut rahbari taʼkidlaganidek, o‘zini Orol dengizi havzasidagi ekologik va suv muammolarini hal qilish bo‘yicha kelishilgan yondashuvlar ishlab chiqilayotgan, qarorlar qabul qilinayotgan va qo‘shma dasturlar amalga oshirilayotgan mintaqaviy mexanizm sifatida o‘ttiz yildan ortiq vaqt davomida faoliyat yuritayotgan OQXJ mintaqada muhim rol o‘ynaydi.

Yuzaga kelayotgan sharoitda mintaqa mamlakatlari shuningdek, suvdan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan va bu resursga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muhim elementi sifatida qaraydigan Afg‘onistonning saʼy-harakatlarini birlashtirish va birgalikda harakat qilish muhim o‘rin tutishi taʼkidlandi.

IWMIning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili Barbara Yanush-Pavletta mintaqada suvni boshqarish sohasidagi amaldagi mintaqaviy saʼy-harakatlarning markazida tarmoqlararo yondashuv qolishi kerakligini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, OQXJ raisligining O‘zbekistonga o‘tishi o‘zaro aloqalarni yana-da mustahkamlash va mavjud mexanizmlarni takomillashtirish uchun muhim imkoniyatlar yaratadi.

“OQXJning bu saʼy-harakatlardagi markaziy roliga qaramay, hamkorlikni mavjud formatlardan tashqariga kengaytirish, jumladan, kengroq hamkorlik tarmoqlarini rivojlantirish, samarali bozor mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, qo‘shni mamlakatlar va atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda zamonaviy, adolatli va barqaror ichimlik suvidan foydalanishni taʼminlash orqali kengaytirish zarurati yaqqol sezilmoqda”, - deb taʼkidladi ekspert.

Qozog‘iston elchisi Beybut Atamqulov Markaziy Osiyoda sifat jihatidan yangi darajadagi ishonch shakllanganligini, bu keng ko‘lamli tashabbuslarni, jumladan suv xavfsizligi sohasidagi tashabbuslarni amalga oshirish uchun zamin yaratayotganligini taʼkidladi. Diplomatning taʼkidlashicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari suv xo‘jaligi idoralarining muvofiqlashtirilgan ishi iqlim o‘zgarishi sharoitida suv sohasidagi muammolarni hal qilish uchun sharoitlarni taʼminlamoqda.

“Bizda eng muhimi - bir-birimizni tinglashga va birgalikda oldinga intilishga tayyorlik mavjud. Demak, mintaqaviy darajadagi yechimlarga erishish uchun barcha shart-sharoitlar mavjud”, - dedi elchi.

Qozog‘iston Strategik tadqiqotlar instituti direktori Jandos Shaymardanov 2050-yilga borib global suvga bo‘lgan talab 20-25 foizga oshishi mumkinligini, Markaziy Osiyoda esa bu muammo aholi sonining o‘sishi, iqlim o‘zgarishi va transchegaraviy suv tizimlariga bosimning kuchayishi bilan yana-da chuqurlashishini taʼkidladi.

Tashqi muhit qanchalik murakkab bo‘lsa, strategik hamkorlik, bashorat qilish va bir-biringiz oldidagi masʼuliyatning qadri shunchalik yuqori bo‘ladi. Ishonchim komilki, Markaziy Osiyo suv kun tartibini zaiflik manbaidan hamkorlik va birgalikdagi rivojlanish makoniga aylantirish uchun barcha zarur imkoniyatlarga ega," - dedi Jandos Shaymardanov.

Germaniya xalqaro taraqqiyot hamjamiyatining “Yashil Markaziy Osiyo” loyihasi rahbari Karolina Milov suv resurslari transchegaraviy xususiyatga ega ekanligidan kelib chiqib, barcha tomonlarni, jumladan Afg‘onistonni ham birlashtiruvchi inklyuziv yondashuvni shakllantirish zarurligini taʼkidladi.

“Faqat odamlar chegaralarni yaratadi, shuning uchun ularni muloqot orqali yengib o‘tish va umumiy suv resurslarini ishonch asosida birgalikda boshqarish muhim”, - dedi ekspert.

Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchisi Konstantin Obolenskiy Markaziy Osiyoning suv resurslarini boshqarish sohasidagi muammolari iqlim o‘zgarishi oqibatlari tufayli tobora sezilarli darajada kuchayib borayotganligini taʼkidladi. Bu ishonch, bilim almashish va muvofiqlashtirilgan harakatlarga asoslangan mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishni talab etadi.

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar mintaqadagi iqlim tahdidlariga qarshi kurashish masalalarida Yevropa Ittifoqining loyihalariga eʼtibor qaratdi. Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoda suv resurslari, energetika va iqlim sohalarida umumiy qiymati 6 milliard yevrodan ortiq bo‘lgan 100 dan ortiq dasturlarni qamrab olgan "Team Europe" tashabbusi suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish, ekotizimlarni tiklash, barqaror infratuzilmani rivojlantirish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilganligi taʼkidlandi.

Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi direktori Abdul Hay Qanit o‘z nutqida transchegaraviy suv hamkorligi va Amudaryo havzasidagi resurslarni barqaror boshqarish masalalariga to‘xtalib o‘tdi. Ekspert Afg‘oniston tomonining suv resurslarini adolatli taqsimlashga sodiqligini, konstruktiv hamkorlikka va yuzaga keladigan barcha masalalarni muloqot orqali hal qilishga tayyorligini bildirdi.

“Амударё шунчаки географик макон эмас, балки минтақадаги миллионлаб одамлар учун умумий экотизим ва ҳаёт артериясидир. Бу асосий устуворликларга асосланган ўзаро ҳамкорликнинг умумий асосларини ишлаб чиқиш, маълумотлар алмашинуви ва қўшма мониторинг механизмларини мустаҳкамлаш, суғориш тизимларида сувдан фойдаланиш самарадорлигини ошириш, техник мулоқотни ривожлантириш, ҳавзанинг интеграциялашган бошқарувини жорий этиш, инфратузилма лойиҳаларини мувофиқлаштириш ва иқлим ўзгаришига мослашиш бўйича қўшма чора-тадбирларни талаб этади”, - деди Абдул Ҳай Канит.

Германия халқаро муносабатлар кенгашининг (DGAP) Иқлим тадқиқотлари ва халқаро муносабатлар маркази ходими Абдулла Фаҳимий Афғонистондаги инфратузилма лойиҳаларини ривожлантириш масалаларини ушбу мамлакат билан мулоқот ўрнатиш ва иқлим ўзгаришларининг салбий оқибатларига қарши курашиш учун қўшма ечимлар ишлаб чиқиш имконияти сифатида кўриб чиқиш лозимлигини таъкидлади.

Умуман олганда, муҳокама иштирокчилари иқлим ўзгариши шароитида сув хавфсизлиги масалалари минтақанинг барқарор ривожланиши учун муҳим аҳамият касб этишини ва давлатларнинг саъй-ҳаракатларини янада яқиндан мувофиқлаштиришни талаб қилишини таъкидладилар.

Экспертлар иқлим ва сув муаммолари кучайиб бораётганлиги ўзаро манфаатларни ҳисобга олиш, ишонч ва жамоавий масъулият асосида минтақавий ҳамкорликни янада мустаҳкамлаш, шунингдек, трансчегаравий сув ресурсларини бошқариш бўйича келишилган амалий чора-тадбирларни ишлаб чиқиш зарурлигини тақозо этаётганлиги тўғрисида якдил фикр билдирдилар.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish