O‘zbekistonda Qozog‘iston bilan hamkorlikda venchur fondi tashkil etiladi
Aprel 17, 2026. 11:25 • 2 daq
• 178
OSTONA, 17-aprel. /“Dunyo” AA/. Qozog‘istonning “the-tech.kz” axborot nashrida O‘zbekistonda qozog‘istonlik investorlar ishtirokida qo‘shma venchur fondi tashkil etilishi haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda yozilishicha, bu kelishuv 2026-yil 11-aprelda O‘zbekiston yetakchisining taklifiga binoan Qozog‘iston Prezidentining amaliy tashrifi doirasida imzolangan.
Mazkur hujjat Buxoro shahrida “IT Park Ventures” va “White Hill Capital” o‘rtasida tuzilgan. Tomonlar umumiy hajmi 2 million dollargacha bo‘lgan qo‘shma investitsiya venchur fondi (venchur fond – hali to‘liq shakllanmagan, lekin katta imkoniyat va istiqbolga ega loyihalarga pul ajratadigan jamg‘arma) tashkil etishga kelishib oldi.
Ushbu fond O‘zbekiston, Qozog‘iston va butun Markaziy Yevroosiyo mintaqasida venchur hamkorlikni rivojlantirishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda. U istiqbolli texnologik kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash, sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish va yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Jamg‘arma asosan Markaziy Yevroosiyo startaplariga, xalqaro bozorga chiqishni maqsad qilgan mahalliy asoschilarga va texnologiyalar transferiga qaratilgan loyihalarga eʼtibor qaratadi. Shuningdek, u yangi bozorlarga chiqish, isteʼdodlarni rivojlantirish va sarmoyaviy aloqalarni mustahkamlashga yordam beradi.
Amalda bu jamg‘arma uzoq muddatli sarmoyalarni jalb qilish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni ko‘paytirish va xalqaro tajribani olib kirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Bu esa mintaqada startaplar uchun yanada qulay muhit yaratib, ularning o‘sishiga turtki beradi.
Shu bilan birga, jamg‘arma taʼsischilar uchun moliya topish, yangi hamkorlar bilan ishlash va biznesni kengaytirish imkoniyatlarini oshiradi. U O‘zbekiston va Qozog‘istonning innovatsiya va venchur sohasidagi rolini yanada mustahkamlaydi.
Umuman olganda, ushbu tashabbus Markaziy Yevroosiyoda zamonaviy, barqaror va investorlar uchun jozibador venchur ekotizimni shakllantirishga qaratilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi