Logo

O‘zbekiston Birinchi xonimi Malayziya Qirolichasi bilan uchrashdi

May 05, 2026. 11:55 • 2 daq

323
O‘zbekiston Birinchi xonimi Malayziya Qirolichasi bilan uchrashdi

TOSHKENT, 5-may. /“Dunyo” AA/. Toshkentda O‘zbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva mamlakatimizga tashrif buyurgan Malayziya Qirolichasi Raja Zarit Sofia bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Birinchi xonimning telegram-kanali maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuv doirasida oliy martabali mehmon o‘zbek amaliy sanʼati, noyob ijod namunalari, milliy liboslar bilan tanishdi, shuningdek, xalqimizning boy anʼana va urf-odatlari haqida batafsil maʼlumot oldi.

Samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tgan suhbat davomida xonimlar O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi do‘stlikni yana-da mustahkamlash, madaniy va gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Eslatib o‘tamiz, Qirolicha Raja Zarit Sofia O‘zbekistonga Malayziya texnologiya universitetining faxriy raisi sifatida tashrif buyurgan. Uning Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasida ilmiy anʼana: manbalar, dolzarb masalalar va salohiyat” mavzusidagi ilmiy-amaliy anjumanda nutq so‘zlashi kutilmoqda.

Bundan tashqari, oliy martabali mehmon tashrif doirasida mamlakatning boy islomiy tarixiy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishish uchun Toshkent va Samarqand shaharlariga boradi.

Dasturdan Malayziya musulmonlari orasida alohida hurmatga sazovor bo‘lgan muhim ziyoratgohlardan biri ­­­– Samarqanddagi Imom al-Buxoriy majmuasini ziyorat qilish alohida o‘rin olgan.

Malayziya Qirolichasi Raja Zarit Sofianing O‘zbekistonga tashrifi 8-maygacha davom etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish