Logo

Toshkentdagi yangi markaz haqidagi xabar “X” tarmog‘ida 16 milliondan ortiq ko‘rilib, Ilon Mask postlariga tenglashdi

Mart 31, 2026. 17:20 • 2 daq

39
Toshkentdagi yangi markaz haqidagi xabar “X” tarmog‘ida 16 milliondan ortiq ko‘rilib, Ilon Mask postlariga tenglashdi

TOSHKЕNT, 31-mart. /“Dunyo” AA/. Nufuzli “The Times of Central Asia” nashri tomonidan Toshkentda barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishiga bag‘ishlangan post xalqaro ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashr mualliflarining ma’lum qilishicha, mazkur maqola “X” (sobiq Twitter ijtimoiy tarmog‘i) platformasida rekord darajadagi ko‘rsatkichni qayd etgan. Qisqa vaqt ichida 16 milliondan ortiq ko‘rilgan ushbu postning ommaviyligi dunyoning eng mashhur shaxslaridan biri Ilon Maskning ommaviy postlari bilan bellasha oladigan darajaga yetgan.

Nashr vakillari ushbu natijani “ulkan va hayratlanarli” deb baholab, bu islom sivilizatsiyasi va O‘zbekistonning madaniy merosi haqida o‘z tarmoqlarida e’lon qilingan eng ko‘p ko‘rilgan va eng katta qiziqish uyg‘otgan maqola bo‘lganini e’tirof etgan.

“The Times of Central Asia” maqolada Markazning ahamiyati haqida shunday yozgan: “2026-yil 17-mart kuni Toshkentda muzey va ilmiy-tadqiqot vazifalarini o‘zida mujassam etgan yirik madaniy yodgorlik – Islom sivilizatsiyasi markazi ochildi. Ushbu loyiha O‘zbekistonning boy merosini yoritishi bilan birga, ilm-fan, milliy o‘zlik va global muloqotni targ‘ib etishga xizmat qiladi”.

Xalqaro ekspertlar va tarmoq foydalanuvchilarining bu qadar yuksak e’tibori va e’tirofi jahon hamjamiyatining O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga bo‘lgan katta qiziqishidan dalolat beradi. Ko‘p sonli repost va sharhlar Markazning nafaqat mintaqaviy, balki global intellektual markaz sifatidagi nufuzini yanada oshiradi.

Mazkur maskan Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan bo‘lib, u boy tarixiy merosni zamonaviy ilm-fan yutuqlari bilan bog‘lovchi o‘ziga xos ma’naviy ko‘prik vazifasini o‘taydi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish