Pokiston kompaniyalari Toshkent viloyatida kartoshka va go‘sht yetishtirish hamda shaharsozlik sohalarida loyihalarni amalga oshiradi
Mart 15, 2026. 14:30 • 3 daq
• 62
LAHOR, 15-mart. /“Dunyo” AA/. Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev va O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Pokistonning LAHOR shahriga tashrifi doirasida ushbu mamlakatning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan samarali muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, Pokistonning «Go Group» kompaniyalar guruhi raisi Xalid Riaz bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda hamkorlikning aniq yo‘nalishlari xususida fikr almashildi.
«Go Group» kompaniyasi energetika, agrobiznes va logistika sohalarida xalqaro investitsiyalar hamda strategik hamkorliklarni yo‘lga qo‘ygan yirik xususiy biznes guruhlaridan biri hisoblanadi.
Pokiston tomoni eʼtiboriga Toshkent viloyati vakillari tomonidan hududning iqtisodiy va qishloq xo‘jaligi sohasidagi salohiyati, agrar yo‘nalishdagi keng imkoniyatlari hamda yaratilgan shart-sharoitlar bo‘yicha taqdimot etildi. Hozirgi kunda viloyatda 60 mingdan ziyod sanoat korxonasi faoliyat yuritayotgani, shundan 2500 dan ortig‘i 74 ta davlat investitsiyasi ishtirokida tashkil etilgani maʼlum qilindi.
Shundan so‘ng ikki tomonlama investitsiyaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi va agrosanoat sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev O‘zbekistonda kartoshkaga bo‘lgan talab yuqoriligini taʼkidlab, «Go Group» kompaniyasiga viloyatda kartoshka yetishtirish va kartoshkachilik bo‘yicha ilmiy-urug‘chilik tadqiqot institutini tashkil etish hamda Toshkent viloyatida 10 ming gektar maydonda sholi yetishtirish taklifini bildirdi. Shuningdek, ikki mamlakat mahsulotlarini taqdim etish va saqlash uchun shourumlar hamda omborxonalarni ochish muhimligi taʼkidlandi.
«Go Group» kompaniyalar guruhi raisi Xalid Riaz O‘zbekistonni MDH va Yevropa mamlakatlariga eksportni amalga oshirish uchun xab sifatida ko‘rayotganini bildirdi.
Uchrashuv yakunida Toshkent viloyatida yirik logistika markazini tashkil etish, agrar sohada qator istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolari tashrif davomida Pokistonning «HRL Group» kompaniyalar guruhi raisi Zahid Rafiq bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv avvalida mazkur kompaniya tomonidan Pokiston va O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan qurilish loyihalari, kompaniya faoliyati yo‘nalishlari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Zahid Rafiqning aytishicha, kompaniya qurilish sohasidan tashqari taʼlim, axborot texnologiyalari va IT yo‘nalishlarida ham faoliyat yuritmoqda.
«Kompaniyamiz Pokistonda yirik shaharsozlik va yo‘l qurilishi sohasida bir qator loyihalarni amalga oshirgan. Raqamli texnologiyalar yo‘nalishida data-markaz barpo etyapmiz. O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari bilan ham hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yganmiz. O‘zbekistonda ham shaharsozlik va raqamli texnologiyalar sohasidagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar davom etayapti», dedi u.
Muzokaralar natijasida tomonlar Toshkent viloyatida davlat-xususiy sherikchilik asosida qator infratuzilma loyihalarini amalga oshirish va Nurafshon shahrida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarida ishtirok etishga kelishib oldilar.
Mamlakatimiz vakillari go‘sht eksport qilishga ixtisoslashgan «Zenith Associates» kompaniyasida ham bo‘lib, korxona faoliyati bilan tanishdi.
«Zenith Associates» go‘sht eksport qilish bo‘yicha Pokistondagi yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi. Korxona tomonidan bir kunda 150 tonna go‘sht eksporti amalga oshiriladi.
Kompaniya boshqaruvchi direktori Arif G‘iyas bilan kechgan muloqot chog‘ida O‘zbekistonga go‘sht yetkazib berish hajmini oshirish, transport-logistika masalalarini hal qilish, Toshkent viloyatida logistika markazini qurish va boshqa mavzular yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muhokama qilingan loyihalarni amalga oshirishni boshlash maqsadida «Zenith Associates» delegatsiyasining Toshkent viloyatiga tashrifini uyushtirish yuzasidan kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi