Pokiston OAV: O‘zbekiston uchun ochiqlik, o‘zaro hurmat va muloqotga intilish fundamental qadriyatga aylanmoqda
Dekabr 21, 2025. 12:30 • 3 daq
• 80
ISLOMOBOD, 21-dekabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning markaziy “Associated Press of Pakistan” AA va “The World News” nashri O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston doimiy betarafligining 30 yilligi, Xalqaro betaraflik kuni hamda 2025-yil “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb eʼlon qilinganiga bag‘ishlab Ashxobodda bo‘lib o‘tgan xalqaro forumdagi ishtiroki va nutqini keng yoritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ashxobodda bo‘lib o‘tgan Turkmanistonning doimiy betarafligining 30 yilligi va Xalqaro betaraflik kuniga bag‘ishlangan xalqaro forumda ishtiroki va nutqi ikki qardosh davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikning chuqurligini, shuningdek, mintaqaviy va global siyosatda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash borasidagi umumiy qarashlarini yaqqol namoyish etdi”, – deyiladi maqolalarda.
Qayd etilganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonni doimiy betaraflikning 30 yilligi bilan samimiy tabriklab, ushbu qutlug‘ sana Turkmanistonning dunyoning barcha mamlakatlari bilan tinch, ishonchli, do‘stona va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga doimo sodiq bo‘lib kelayotganini o‘zida mujassam etishini qayd etdi.
O‘zbekiston yetakchisi turkman xalqining zamonaviy o‘ziga xosligining ajralmas qismiga aylangan Turkmanistonning betarafligi uning chuqur tarixiy anʼanalari, madaniy va maʼnaviy qadriyatlariga, olijanoblik, bag‘rikenglik va yaxshi qo‘shnichilik kabi ezgu fazilatlariga tayanishini urg‘uladi. Shu bois, Turkmanistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda Tinchlik va betaraflik universitetini tashkil etish bo‘yicha tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Shuningdek, davlat rahbari, Yangi O‘zbekiston uchun jahonga ochiqlik, o‘zaro hurmat va muloqotga intilish fundamental qadriyatlar ekanligini taʼkidladi. Buning tasdig‘i sifatida umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida birdamlik bo‘yicha Samarqand tashabbusi ilgari surilganini keltirish mumkin. Ushbu tashabbus insoniyat kelajagi uchun befarq bo‘lmagan, tinchlik, totuvlik va barqaror taraqqiyot uchun intilayotgan barcha tomonlarni muloqotga jalb etishga qaratilgan.
“O‘zbekistonning Qo‘shilmaslik harakatidagi bo‘lajak raisligi davrida mamlakat tinchlik va zo‘ravonlikdan xolilik madaniyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha global harakatni rag‘batlantirish, siyosiy muloqot asosida davlatlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlash, jahonda bag‘rikenglik, hamjihatlik va birdamlik muhitini qaror toptirishga ko‘maklashishni bosh ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilashni maqsad qilgan. Raislik davomida, shuningdek, kelgusi avlodlar manfaatlari yo‘lida mojarolarni hal qilish borasidagi saʼy-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 2027-yilni Preventiv diplomatiya yili deb eʼlon qilish rejalashtirilgan. Uning doirasida konferensiya va forumlar tashkil etish, parlament, jamoat va yoshlar delegatsiyalarining o‘zaro almashuvlarini qamrab oladigan tadbirlar dasturi qabul qilinadi”,– deyiladi nashrlarda.
Pokiston OAV yozganidek, maʼruzada o‘zaro ishonch, hurmat va jipslik tamoyillari Markaziy Osiyoni tinchlik, hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik makoniga aylantirish borasidagi siyosatning ham asosi ekanligi qayd etildi.
“O‘tgan oyda Toshkentda bo‘lib o‘tgan mintaqa davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi hamjihatlikni mustahkamlash, mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash bo‘yicha birgalikdagi harakatlar, ko‘pqirrali iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanimizni yana bir bor ko‘rsatdi”, – deya O‘zbekiston rahbari so‘zlaridan iqtibos keltirilgan maqolalarda.
Bundan tashqari, materiallarda davlatimiz rahbari o‘zaro hurmat, ishonch va birdamlikka asoslangan gumanitar hamkorlikni rivojlantirish muhimligini taʼkidladi va kelgusi yili Toshkentda “Madaniyatlar muloqoti” qo‘shma xalqaro gumanitar forumini o‘tkazishni va “Yoshlar tinchlik va ishonch uchun” mintaqaviy dasturini ishga tushirishni taklif qilgani maʼlum qilingan.
Shuningdek, Pokiston OAV O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar so‘nggi yillarda strategik xususiyatga ega bo‘lganini, iki tomonlama savdo aylanmasi esa 2017-yildan 2024-yilgacha 6,4 baravar oshganini alohida urg‘ulagan.
Maqolalar xulosasida “Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zining O‘zbekiston dunyoda adolatli va barqaror tartibotni barpo etishga bundan buyon ham amaliy hissa qo‘shishga tayyorligini taʼkidladi”, – deb yozilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam