O‘zbekiston elchisi Turkmaniston savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri bilan uchrashdi
Fevral 25, 2026. 17:09 • 2 daq
• 216
ASHXOBOD, 26-fevral. /“Dunyo” AA/. Ashxobod shahrida O‘zbekiston elchisi Ravshanbek Alimov hamda Turkmaniston savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Nazar Agaxanov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomida ikki qardosh davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da kengaytirishning dolzarb masalalari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, joriy yilda rejalashtirilgan qo‘shma tadbirlar grafigi ko‘rib chiqilib, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning ikki tomonlama aloqalarni jadallashtirishdagi muhim o‘rni alohida qayd etildi.
Uchrashuvda iqtisodiy aloqalarning huquqiy asoslari mustahkamlanib borayotgani ham eʼtirof etildi. Taʼkidlanganidek, 2025-yil 25-fevraldan boshlab O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida erkin savdo rejimining joriy etilishi o‘zaro tovar aylanmasi hajmini keskin oshirish uchun mustahkam zamin yaratdi. Bu esa ikki mamlakat tadbirkorlari uchun yangi bozorlarni o‘zlashtirishda keng imkoniyat eshigini ochadi.
Mintaqalararo hamkorlik masalalariga to‘xtalar ekan, tomonlar Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning o‘tgan yil noyabr oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlariga yuqori baho berdi. Ushbu tashrif doirasida “Shovot – Dashoguz” chegaraoldi savdo zonasining ishga tushirilishi chegaradosh hududlar o‘rtasidagi manfaatli aloqalarni yangi bosqichga olib chiqqan tarixiy voqea sifatida baholandi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Turkmaniston korxonalari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, qo‘shma ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish hamda tranzit-transport salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Bu kabi muloqotlar ikki davlat rahbarlari tomonidan belgilab berilgan strategik sheriklik tamoyillarini hayotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
