O‘zbekiston elchisi Germaniyadagi vatandosh shifokorlar bilan ko‘rishdi
Aprel 09, 2026. 11:13 • 2 daq
• 96
BERLIN, 9-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Dilshod Axatov Germaniyada faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik shifokor va hamshiralar bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv Brandenburg federal o‘lkasining Brandenburg an der Havel shahrida joylashgan “Asklepios Fachkliniken Brandenburg” klinikasida bo‘lib o‘tdi.
Tashrif davomida O‘zbekiston diplomatlari tibbiyot muassasasi rahbariyati hamrohligida ushbu maskanda faoliyat yuritayotgan vatandoshlar uchun yaratilgan mehnat va turar-joy sharoitlari, ish jarayoni hamda kundalik faoliyat bilan yaqindan tanishdi.
Shundan so‘ng, o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularning ijtimoiy-maishiy ehtiyojlari, xorijdagi mehnat faoliyati davomida duch kelayotgan muammolar, taklif va mulohazalari tinglandi.
Xususan, vatandoshlar tomonidan O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar va amaliy takliflarga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, joriy yilda mamlakatimizda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Uchinchi tibbiyot forumida ishtirok etish masalalari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida elchixona vakillari mavjud muammolarni hal etish, vatandoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ularning foydali tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini taʼkidladi.
Shu bilan birga, “Asklepios Fachkliniken Brandenburg” rahbariyati bilan o‘tkazilgan muzokaralarda tibbiyot sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, kadrlar tayyorlash va malaka oshirish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, mazkur uchrashuvlar davlatimiz rahbari tomonidan xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda salohiyatini mamlakat taraqqiyotiga jalb etishga qaratilgan izchil siyosatning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Kunning ikkinchi yarmida vatandoshlar va klinika jamoasi uchun madaniy tadbir tashkil etildi. Unda diplomatik korpus vakillari, klinika rahbariyati, nemis tibbiyot xodimlari hamda o‘zbekistonlik shifokor va hamshiralar ishtirok etdi.
Vatandosh jamoat fondi ko‘magida yurtimizdan tashrif buyurgan Xalqlar do‘stligi ansambli ijrosidagi milliy kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Samimiy va do‘stona muhitda o‘tgan muloqotlar o‘zbek va nemis tibbiyot xodimlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Brandenburgda o‘tkazilgan mazkur uchrashuv nafaqat vatandoshlarning holidan xabar olish, balki ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, mavjud masalalarga yechim topish va o‘zaro hamjihatlikni kuchaytirishga qaratilgan muhim amaliy qadam bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi