O‘zbekiston diplomatlari Germaniyadagi vatandosh talabalarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kengaytirmoqda
Aprel 30, 2026. 19:11 • 2 daq
• 46
FRANKFURT-MAYN, 30-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi vakillari ushbu shaharda o‘qiyotgan o‘zbek talabalari bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Yosh vatandoshlar asosan Gyote universiteti, Frankfurt amaliy fanlar universiteti, Moliya va menejment instituti, Frayburg, Koblens, Geydelberg va Darmshtadt shaharlaridagi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olmoqda.
Uchrashuvning asosiy maqsadi talabalar bilan bevosita muloqot qilish, o‘qish va yashash sharoitlari bilan tanishish hamda ularni qiziqtirgan masalalarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Suhbat davomida talabalarning murojaatlari, takliflari va muammolari ko‘rib chiqildi. Ayniqsa, taʼlim, jamiyatga moslashish va kelajakdagi kasbiy rivojlanish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Har bir talaba o‘zini tanishtirib, qayerda o‘qiyotgani va qaysi yo‘nalishda tahsil olayotgani haqida maʼlumot berdi. Bu Germaniyadagi o‘zbek talabalarining tarkibini yaxshiroq tushunishga yordam berdi.
Shuningdek, taʼlim va kasbiy almashinuv, talabalarning konsullik bilan hamkorligi, konsullik hisobida turish, huquqiy va axborot yordami olish, turli maishiy va hujjat bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Talabalar o‘zbekistonlik yoshlar o‘rtasida aloqalarni kuchaytirish, yangi taʼlim va yoshlar loyihalarini yo‘lga qo‘yish hamda Germaniya tashkilotlari va universitetlari bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirishdi.
Uchrashuvda ikki davlat universitetlari o‘rtasida almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish va Germaniyadagi o‘zbek talabalari uchun netvorking platformasi yaratish fikri ilgari surildi.
Yurtdoshlar tashabbusi bilan “O‘zbekistonlik yoshlar klubi” faoliyatini qayta tiklashga kelishib olindi. Bu klub Germaniyadagi o‘zbek yoshlarini birlashtirish va ularning ilmiy hamda ijodiy loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi. Klub rahbarini saylash va ishchi guruhni shakllantirish masalasi keyingi uchrashuvda ko‘rib chiqiladi.
Talabalar 30 iyun – Yoshlar kunini Frankfurt atrofida tabiat qo‘ynida (sayr yoki piknik shaklida) nishonlashni taklif qilishdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi