Logo

Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi xodimlariga bayram tabrigi

Dekabr 14, 2025. 11:35 • 4 daq

97
Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi xodimlariga bayram tabrigi

(2025-yil 14-dekabr, Toshkent sh.)


Qadrli yurtdoshlar!


Hurmatli dehqon va fermerlar, agrar soha jonkuyarlari!

Avvalo, siz, azizlarni, o‘z hayotini qishloq xo‘jaligi sohasiga bag‘ishlagan yurtimizdagi barcha olijanob kasb egalarini qutlug‘ bayram – Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bilan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu qutlug‘ ayyomda sizlarning nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki butun iqtisodiyotimizni yuksaltirish, xalqimiz farovonligini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash borasidagi ulkan xizmatlaringizni yana bir bor minnatdorlik bilan taʼkidlaymiz.

Ayniqsa, bu yil, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq qiyinchiliklarga qaramasdan, agrar sektor rivojida sizlar bilan birga tub burilish yasashga muvaffaq bo‘ldik.

Paxta, g‘alla va meva-sabzavot yetishtirish bo‘yicha yangi navlarni ekish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hisobiga yuqori hosildorlikka erishdik.

Bu yil 3 mingdan ziyod mirishkor fermerlarimiz paxtachilikda hosildorlikni o‘rtacha 50-60 sentnerdan, ularning 1,5 ming nafari esa 70 sentnerdan oshirganlari, g‘allachilikda esa 3,5 mingdan ortiq tajribali fermerlarimiz o‘rtacha 100 sentnerdan hosil olganlari, hech shubhasiz, ushbu tarmoqlar rivojida yangi davr boshlanayotganidan dalolat beradi.

Yana bir eʼtiborga molik jihat shundan iboratki, qishloq xo‘jaligida eksport salohiyatimiz ortib bormoqda. Birgina shu yilning o‘zida meva-sabzavotlarimiz yetkazib berilgan davlatlar soni esa 18 taga ko‘payib, 83 taga yetdi.

Albatta, ana shunday raqam va ko‘rsatkichlar ortida dehqon va fermerlarimiz, klasterlar, umuman, qishloq va suv xo‘jaligi sohasida jonbozlik ko‘rsatayotgan har bir insonning mehnati, jasorati, fidoyiligi mujassam, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Shuning uchun ham mazkur bayram arafasida sizlar bilan joriy yildagi faoliyatimizni atroflicha muhokama qilib, agrotarmoq vakillaridan 110 nafariga davlatimizning yuksak mukofotlarini topshirdik. Ana shunday yuksak eʼtirof bilan ularni yana bir bor samimiy muborakbod etaman.

 

Muhtaram yurtdoshlar!


Global iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi sharoitida xalqimizning sifatli oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojini taʼminlash eng ustuvor vazifaga aylangan bugungi kunda barcha sohada bo‘lgani kabi qishloq xo‘jaligida ham faqat zamonaviy bilim va tajriba, innovatsion yondashuvlar asosida ish olib borgan taqdirdagina ko‘zlagan ezgu maqsadlarimizga erisha olamiz. Buni dehqon va fermerlarimiz ham chuqur tushunib yetmoqda. Yaqinda Samarqand, Jizzax va Sirdaryoda sohada bo‘layotgan o‘zgarishlar bilan tanishib, bunga yana bir bor amin bo‘ldim.

Shu maʼnoda, qishloq xo‘jaligi sohasida Yangi O‘zbekistonning strategik yo‘lini amalga oshirishda men avvalo sizlarga, agrotarmoqda faoliyat ko‘rsatayotgan 3,5 million nafardan ortiq yurtdoshlarimizga tayanaman. Sizlar uchun yana qanday sharoit va imkoniyatlar yaratish kerak bo‘lsa, barchasini taʼminlab berishga tayyorman.

Chunki qishloq xo‘jaligining taqdiri va kelajagi – butun mamlakatimizning taqdiri va kelajagidir.

Shu maqsadda kelgusi yildan boshlab, qo‘shimcha ravishda paxta hosilining 50 foizini o‘z hisobidan yetishtirgan fermerlarga 5 foiz subsidiya, shuningdek, soliq, lizing va kreditdan qarzi bo‘lmagan fermerlarga esa imtiyozli kredit 2 foizgacha pasaytirilgan stavkada beriladi.

Qishloq xo‘jaligida subsidiyalarni boshqarish bo‘yicha yangi tizim joriy etilib, 6 ta vazirlik tomonidan berib kelingan 53 turdagi subsidiyalar endi faqat Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda subsidiyalarni ajratishdagi ortiqcha byurokratik to‘siqlar olib tashlanadi hamda fermer va dehqonlar subsidiyalarni olish uchun faqat elektron platforma orqali murojaat qiladi.

Yana bir imkoniyat – qishloq xo‘jaligida hosilni sug‘urtalash bo‘yicha yangi tizimni yo‘lga qo‘yamiz. Endi qishloq xo‘jaligi hosilini sug‘urta qilishda dehqon va fermerlar xarajatlarining 50 foizini davlat qoplab beradi. Hosilni yo‘qotishdagi zarar Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi orqali to‘liq qoplab beriladi.

Ilg‘or fermerlarni ustoz sifatida kam hosil olayotgan fermerlarga biriktirib, har ikki tomonga ham manfaatli bo‘ladigan tizimni yo‘lga qo‘yamiz. Bundan tashqari, “Yangi agronom” dasturi doirasida 180 nafar iqtidorli talabalarimizni yuqori malakali kadrlar sifatida tayyorlaymiz.

Birgina paxtachilikning o‘zida dehqon va fermerlarni qo‘llab-quvvatlashga 35 trillion so‘m yo‘naltiramiz.

G‘alla yetishtirayotgan fermerlarga paxtadagi kabi yetishtirgan hosilining 10 foizi miqdorida subsidiya ajratish tizimini yo‘lga qo‘yamiz. Bog‘dorchilikda yangi bog‘ va tokzorlarni tashkil qilish, eskilarini yangilash bo‘yicha ishlarni uch yillik dastur asosida tashkil qilamiz.

Bundan buyon baliqchilikda naslni yangilash, natijadorlikni oshirish va shaffoflikni taʼminlash uchun yangi rivojlantirish dasturini qabul qilamiz. Bunda karp va sovuq suv baliqlari naslchiligini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha vengriyalik va norvegiyalik hamkorlarimiz bilan ishlarni boshlaymiz.

Chetdan nasldor baliqni olib kelish xarajatlarining 50 foizi byudjetdan qoplab beriladi.

Baliq xo‘jaliklari inkubatsiya, laboratoriya, yopiq suv aylanma tizimlarini import qilishda bojxona bojidan ozod qilinadi. Intensiv baliqchilikni yo‘lga qo‘ygan xo‘jaliklar uchun yer va mol-mulk soliqlari 2 barobar kamaytiriladi.

Qishloq xo‘jaligidagi salohiyatdan to‘liq foydalanish maqsadida “ilm-fan – taʼlim – ishlab chiqarish” integratsiyasini taʼminlaydigan Qishloq xo‘jaligi fanlar akademiyasi tashkil etiladi.

Ana shunday keng ko‘lamli vazifalarni muvaffaqiyatli ado etishda siz, azizlar faol ishtirok etasiz va soha rivojini yangi bosqichga ko‘tarishga munosib hissa qo‘shasiz deb ishonaman.


Sizlarni bugungi qutlug‘ bayram bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga tinchlik-omonlik, baxt-saodat va farovonlik tilayman.

Joriy yilda erishgan ulkan yutuq va zafarlaringiz bardavom bo‘lsin!

Mehnatingizning rohatini ko‘ring, azizlarim, qadrdonlarim!


Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish