Logo

O‘zbekiston Prezidenti 2026 yili Toshkentda “Madaniyatlar muloqoti” qo‘shma xalqaro gumanitar forumini tashkil etishni taklif qildi

Dekabr 12, 2025. 16:06 • 3 daq

78
O‘zbekiston Prezidenti 2026 yili Toshkentda “Madaniyatlar muloqoti” qo‘shma xalqaro gumanitar forumini tashkil etishni taklif qildi

TOSHKENT, 12-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Ashxobod shahrida Turkmaniston doimiy betarafligining 30 yilligi, Xalqaro betaraflik kuni hamda 2025 yil “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb eʼlon qilinganiga bag‘ishlangan xalqaro forumda ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida o‘tgan tadbirda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Eron Prezidenti Masʼud Pezeshkiyon, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon hamda boshqa davlatlar yetakchilari, hukumatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ham qatnashdi.

O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida Turkmanistonni doimiy betaraflikning 30 yilligi bilan samimiy tabriklab, ushbu qutlug‘ sana Turkmanistonning dunyoning barcha mamlakatlari bilan tinch, ishonchli, do‘stona va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga doimo sodiq bo‘lib kelayotganini o‘zida mujassam etishini qayd etdi.

– Turkman xalqining zamonaviy o‘ziga xosligining ajralmas qismiga aylangan Turkmanistonning betarafligi uning chuqur tarixiy anʼanalari, madaniy va maʼnaviy qadriyatlariga, olijanoblik, bag‘rikenglik va yaxshi qo‘shnichilik kabi ezgu fazilatlariga tayanadi, – dedi Prezidentimiz.

Shu bois, Turkmanistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda Tinchlik va betaraflik universitetini tashkil etish bo‘yicha tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

Davlatimiz rahbari Yangi O‘zbekiston uchun jahonga ochiqlik, o‘zaro hurmat va muloqotga intilish fundamental qadriyatlar ekanligini taʼkidladi. Buning tasdig‘i sifatida umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida birdamlik bo‘yicha Samarqand tashabbusi ilgari surilganini keltirish mumkin. Ushbu tashabbus insoniyat kelajagi uchun befarq bo‘lmagan, tinchlik, totuvlik va barqaror taraqqiyot uchun intilayotgan barcha tomonlarni muloqotga jalb etishga qaratilgan.

Bundan tashqari, mamlakatimizning Qo‘shilmaslik harakatidagi bo‘lajak raisligi davrida O‘zbekiston tinchlik va zo‘ravonlikdan xolilik madaniyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha global harakatni rag‘batlantirish, siyosiy muloqot asosida davlatlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlash, jahonda bag‘rikenglik, hamjihatlik va birdamlik muhitini qaror toptirishga ko‘maklashishni bosh ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilashni maqsad qilgan.

Raislik davomida, shuningdek, kelgusi avlodlar manfaatlari yo‘lida mojarolarni hal qilish borasidagi saʼy-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 2027 yilni Preventiv diplomatiya yili deb eʼlon qilish rejalashtirilgan. Uning doirasida konferensiya va forumlar tashkil etish, parlament, jamoat va yoshlar delegatsiyalarining o‘zaro almashuvlarini qamrab oladigan tadbirlar dasturi qabul qilinadi.

Prezidentimiz global miqyosda keskinlik saqlanib qolayotgan va davlatlar o‘rtasida ishonch zaiflashayotgan hozirgi sharoitda tinchliksevarlik va vositachilik tamoyillariga umumiy sodiqlik har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etib borayotganini taʼkidladi. Aynan shu sababli ham O‘zbekiston Turkmanistonning 2025 yilni “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb eʼlon qilish haqidagi taklifini qo‘llab-quvvatlab, BMT Bosh Assambleyasining tegishli rezolyutsiyasining hammuallifi bo‘ldi.

O‘zaro ishonch, hurmat va jipslik tamoyillari Markaziy Osiyoni tinchlik, hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik makoniga aylantirish borasidagi siyosatning ham asosi ekanligi qayd etildi.

– O‘tgan oyda Toshkentda bo‘lib o‘tgan mintaqa davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi hamjihatlikni mustahkamlash, mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash bo‘yicha birgalikdagi harakatlar, ko‘pqirrali iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanimizni yana bir bor ko‘rsatdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu nuqtai nazardan, Turkmanistonning konstruktiv va tinchliksevarlik siyosati Markaziy Osiyoda barqarorlik va taraqqiyotni taʼminlashning muhim omili hisoblanishiga alohida urg‘u berildi.

Davlatimiz rahbari Turkmanistonning zamirida tinchlik va ishonch kabi ezgu g‘oyalar mujassam bo‘lgan bu takliflari Ashxobodning mintaqa davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlari formatida raisligi davomida kun tartibidan munosib o‘rin egallashiga ishonch bildirdi.

Mamlakatimiz yetakchisi o‘zaro hurmat, ishonch va hamjihatlikka asoslangan gumanitar hamkorlikni ilgari surish muhimligini taʼkidlab, kelgusi yili Toshkentda “Madaniyatlar muloqoti” qo‘shma xalqaro gumanitar forumini tashkil etish va “Yoshlar tinchlik va ishonch yo‘lida” mintaqaviy dasturini joriy etishni taklif qildi.

Davlatimiz rahbari so‘zining yakunida O‘zbekiston dunyoda adolatli va barqaror tartibotni barpo etishga bundan buyon ham amaliy hissa qo‘shishga tayyorligini taʼkidladi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish