Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmatchi Javohir Sindorov bilan telefon orqali muloqot qildi
Aprel 15, 2026. 16:25 • 2 daq
• 259
TOSHKENT, 15-aprel. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Xalqaro shaxmat federatsiyasining nomzodlar turniri g‘olibi Javohir Sindorov bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston yetakchisi yosh grossmeysterimizni O‘zbekiston shaxmat tarixida birinchi marta mazkur nufuzli musobaqada zafar qozonib, tom maʼnodagi tarixiy g‘alabaga erishgani bilan samimiy tabrikladi.
Suhbatda Javohir Sindorov ushbu turnirda ilgari hech kim yeta olmagan yuksak marrani zabt etgani, 14 ta o‘yinda 6 marotaba g‘alaba qozongani sport olamida kamdan-kam uchraydigan noyob hodisa ekani alohida taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari yosh grossmeyster dunyoning eng dongdor shaxmatchilariga qarshi har bir bahsda katta jasorat va mahorat bilan dona surib, kuchli iroda, yuksak intellektual salohiyat va qatʼiyat fazilatlarini namoyon etganini qayd etdi.
Prezidentimiz endi Javohir Sindorov oldida jahon toji uchun hal qiluvchi va sharafli bellashuv turganini qayd etib, bo‘lajak o‘yinlarda unga yana-da ulkan omad, kuch-g‘ayrat va yangi zafarlar tiladi.
Suhbatda joriy yil Samarqand shahrida o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida Javohir Sindorovning ishtiroki, shubhasiz, jamoamizga katta ruh va ishonch bag‘ishlashi qayd etildi.
Fursatdan foydalanib, davlatimiz rahbari Javohir Sindorovning ota-onasi, yaqinlari, ustoz va murabbiylarini ham ushbu tarixiy g‘alaba bilan chin yurakdan tabrikladi.
Javohir Sindorov yuksak eʼtibor, samimiy qutlov va bildirilgan ishonch uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorlik bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi