Logo

Gabon OAV: O‘zbekiston xavfsiz va mehmondo‘st sayyohlik yo‘nalishi sifatidagi mavqeini mustahkamlamoqda

Mart 24, 2026. 17:34 • 3 daq

145
Gabon OAV: O‘zbekiston xavfsiz va mehmondo‘st sayyohlik yo‘nalishi sifatidagi mavqeini mustahkamlamoqda

LIBREVIL, 24-mart. /“Dunyo” AA/. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston turizm sohasida ishonchli va jadal o‘sishni namoyish etmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Gabonning “AGP” axborot agentligiga tayanib.

“AGP”da yozilishicha, 2025-yilda mamlakatimizga qariyb 12 million xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 16 foizga ko‘p. Turizm xizmatlari eksporti 4,8 milliard AQSh dollaridan oshgan. Bunday raqamlar O‘zbekistonga xalqaro qiziqish tobora ortib borayotgani, uning mintaqadagi eng istiqbolli sayyohlik yo‘nalishlaridan biri sifatidagi mavqei mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.

“Bunday natijalarga infratuzilmani yaxshilash, transport qulayligini rivojlantirish, xizmatlarni raqamlashtirish va sayohatchilar uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan turizm sohasidagi izchil islohotlar tufayli erishildi. O‘zbekistonda turizm klasterlarini rivojlantirish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha loyihalar faol amalga oshirilmoqda”, deya taʼkidlagan Markaziy Afrikada joylashgan davlatining axborot agentligi.

Agentlikning maʼlum qilishicha, O‘zbekistonda chet el fuqarolari uchun mamlakatga kirishning soddalashtirilgan tartibi joriy etilgan. Hozirgi vaqtda 94 mamlakat fuqarolari uchun vizasiz rejim, 52 mamlakat uchun elektron viza, 45 mamlakat uchun besh kunlik tranzit vizasiz kirish rejimi o‘rnatilgan.

Dunyoning qator mintaqalaridagi geosiyosiy beqarorlik sharoitida sayyohlarning xavfsizligi va qulayligi omili tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu maʼnoda, O‘zbekiston millati va dinidan qatʼiy nazar, barcha mehmonlar uchun ochiq bo‘lgan barqaror, xavfsiz va mehmondo‘st davlat maqomini saqlab qoladi. Hurmat, bag‘rikenglik va samimiy mehmondo‘stlik anʼanalari o‘zbek xalqi madaniyatining ajralmas qismidir.

Xalqaro reytinglar mamlakatda xavfsizlik darajasi yuqori ekanini taʼkidlaydi. O‘zbekiston so‘nggi yillarda global xavfsizlik indekslarida ham yetakchi o‘rinlarni egallab kelmoqda. “International SOS Risk Map” maʼlumotlariga ko‘ra, mamlakat xavf darajasi past (Low Risk) toifasiga kiritilgan. Bu esa, uni umumiy xavfsizlik darajasi bo‘yicha qator Yevropa davlatlari bilan bir qatorga qo‘yadi.

“Numbeo Safety Index” maʼlumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston jinoyatchilikning barqaror past darajasini ko‘rsatib, dunyoning 148 mamlakati orasida 25-o‘rinni egalladi. “Solo Female Travel Safety Index” va “Safety Perceptions Index” reytinglarida mamlakat ayollarning mustaqil sayohatlari uchun xavfsizlik darajasi bo‘yicha dunyoda 1-o‘rinni egalladi. Shuningdek, “Gallup Global Law and Order Index” indeksi bo‘yicha O‘zbekiston jamoat xavfsizligi va huquq-tartibotga ishonch darajasi bo‘yicha jahon yetakchilari qatoriga kiradi.

Bugungi kunda O‘zbekiston sayyohlarga nafaqat Buyuk Ipak yo‘lining boy madaniy-tarixiy merosini, balki zamonaviy infratuzilma, qulay sharoitlar va ochiqlik muhitini ham taklif etmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish