Slovakiya O‘zbekistonda geologik maʼlumotlarni raqamlashtirishni qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdor
May 08, 2026. 12:57 • 2 daq
• 325BRATISLAVA, 8-may. /“Dunyo” AA/. “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” AJ hamda Slovakiyaning Dioniz Shtur nomidagi Davlat geologiya instituti vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot jarayonida tomonlar O‘zbekistonda strategik foydali qazilmalar va metallurgiya sohasini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Jumladan, yangi konlarni qidirish va razvedka qilish, geologik maʼlumotlarni raqamlashtirish, shuningdek, sohaga xalqaro standartlarni joriy etishga to‘xtalib o‘tildi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston tomoni “O‘zTMK”ning volfram, molibden va reniyni qazib olish hamda qayta ishlash, shuningdek, yuqori soflikdagi selen va tellur ishlab chiqarish va ularni chuqur qayta ishlashga oid loyihalari haqida maʼlumot taqdim etdi.
O‘z navbatida, Slovakiya tomoni geologik arxivlarni modernizatsiya qilish, zamonaviy geoaxborot tizimlarini yaratish, zaxiralarni baholashning xalqaro standartlarini joriy etish, shuningdek, investorlarning geologik maʼlumotlardan shaffof tarzda foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishda hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ishchi aloqalarni davom ettirish, taqdimot va texnik materiallar almashish hamda ekspertlar maslahatlashuvlarini o‘tkazish yuzasidan kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


