Nufuzli nashr “Iteca Exhibitions” kompaniyasining O‘zbekiston bilan hamkorligi haqida yozdi
Dekabr 29, 2025. 16:37 • 2 daq
• 207
SEUL, 31-dekabr. / “Dunyo” AA /. Janubiy Koreyaning nufuzli “Asia Journal Press” nashrida “Iteca Exhibitions” kompaniyasining joriy yilgi faoliyati yakuni hamda O‘zbekistonning ekspo-industriya rivojiga qo‘shgan hissasi haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada qayd etilishicha, 2026-yilda kompaniyaning ko‘rgazmalar taqvimi 22 ta xalqaro ko‘rgazma va 5 ta sohaviy konferensiyagacha kengayadi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalarni jalb qilish va milliy iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini mustahkamlashga qaratilgan yangi tashabbuslar ishlab chiqildi.
“Iteca Exhibitions” bilan hamkorlik 1995-yilda Toshkent xalqaro “Sog‘liqni saqlash” hamda 1997-yilda “Oil & Gas Uzbekistan” ko‘rgazmalarini o‘tkazishdan boshlangan. Bugungi kunda kompaniya portfeli 20 ta flagman tadbirni o‘z ichiga olgan bo‘lib, ularning har biri turli sohalar rivojida muhim ahamiyatga ega.
“UzBuild”, “UzFood”, “CAITME”, “TIHE”, “OGU” va “TextileExpo Uzbekistan” ko‘rgazmalari milliy brend maqomini oldi va O‘zbekiston tashqarisida ham keng tanildi. Ularning o‘tkazilishi mamlakatning ishonchli ishbilarmon hamkor sifatidagi xalqaro nufuzini mustahkamlashga xizmat qilmoqda”, - deb yozilgan materialda.
Muallifning yozishicha, 2025-yilda “Iteca Exhibitions” o‘zining 30 yillik yubileyini 20 ta xalqaro ko‘rgazma, 4 ta yirik forum va 36 ta ixtisoslashtirilgan seminardan iborat, keng ko‘lamli dastur bilan nishonladi. Ularda 4 ming 311 ta kompaniya va brend, 251 ta maʼruzachi va moderator, 55 mamlakatdan 3 ming 957 nafar delegat ishtirok etdi. Tashrif buyuruvchilarning umumiy soni 75 mamlakatdan 101 ming kishidan oshdi. Bu tadbirlarning chinakam xalqaro miqyosini belgiladi.
2025-yilgi ko‘rgazmalar mavsumi doirasida minglab ishbilarmonlik uchrashuvlari, muzokara va loyihalar taqdimoti o‘tkazilgan. Imzolangan shartnoma va kelishuvlarning umumiy hajmi 1 milliard AQSh dollaridan ortdi. Bu ko‘rgazma faoliyati samaradorligini yaqqol namoyish etadi.
Maqola xulosasida “Iteca Exhibitions” biznes, davlat tuzilmalari va professional hamjamiyat uchun ishonchli hamkor bo‘lib qolayotgani urg‘ulanadi.
“Kompaniya tadbirlari nafaqat turli sohalarning yutuqlarini namoyish etadi, balki mamlakatning iqtisodiy taraqqiyotiga real hissa qo‘shib, Yangi O‘zbekiston konsepsiyasini amalga oshirish uchun barqaror platforma yaratadi”, - deb yozilgan materialda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi