“REISE aktuell”: Samarqand, Buxoro, Xiva hali ham afsonaviy shahar maqomini yo‘qotgani yo‘q
Dekabr 29, 2025. 10:46 • 2 daq
• 121
VENA, 29-dekabr. /“Dunyo” AA/. Avstriyaning “REISE aktuell” sayyohlik jurnalida O‘zbekistonning turizm sohasi va sayyohlik shaharlariga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada qayd etilishicha, bir muddat Buyuk Ipak yo‘li xaritasida “ko‘rinmay qolgan” O‘zbekiston bir necha yildan buyon yana jahon sayohatchilarini o‘ziga chorlamoqda. Bugungi kunda Markaziy Osiyoning ushbu mamlakati sayyohlarni tobora ko‘proq jalb qilib, ularni tarixi, madaniyati va samimiy mehmondo‘stligi bilan hayratga solmoqda.
Samarqand, Buxoro, Xiva hali ham afsonaviy shahar maqomini yo‘qotgani yo‘q. Afsonalardek yangraydigan nomlar - Samarqand, Buxoro va Xiva bugungi kunda islom meʼmorchiligining puxta taʼmirlangan xazinalariga aylangan. Bu yerda qadimiy madrasalar va mohirona bezatilgan mozaikalar orasida shoshilmasdan sayr qilish mumkin.
“Buyuk sarkarda Amir Temur shahri Samarqandda peshtoqlari oltin va zangori rangda tovlanuvchi uchta monumental madrasani birlashtirgan Registon maydoni sharq gavharidek yarqirab turibdi. Bor-yo‘g‘i bir necha qadam naridagi Go‘ri Amir maqbarasida sohibqiron dafn etilgan. Eksklyuziv maslahat: maydon oltin nurga chulg‘angan, sayyohlar deyarli yo‘q bo‘lgan kechki paytda bu yerni sayr qilsangiz, ajib taassurotlarga ega bo‘lasiz”, - deya fikr bildirilgan maqolada.
Tarixiy minoralar shahri bo‘lgan, labirintli eski ko‘chalar va anʼanaviy choyxonalarga ega Buxoro ham sayohatchilarni befarq qoldirmaydi. Bu yerda bugungi kunda qadimgi karvonsaroylar devorlari ortida do‘kon va mehmonxonalar, sanʼat galereyalari va shirinliklar tortiladigan kichik choyxonalar mavjud. Ayniqsa, XII asrga oid qudratli minora, bir paytlar Ipak yo‘lining mayog‘i bo‘lgan, endi esa Buxoroning qadr-qimmati ramzi bo‘lgan Poyi Kalon majmuasi kishini hayratga soladi. Bu yerdagi hayot xuddi “Ming bir kecha” ertagidek jilvalanadi.
Nashrda taʼkidlanishicha, o‘zini sharq ertagi qahramoni sifatida his qilishni istaganlar Xivaga borishi zarur. Butunlay devorlar bilan o‘ralgan, bir paytlar Buyuk Ipak yo‘lining muhim tuguni va YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan qadimiy Ichan qalʼa ochiq osmon ostidagi jonli muzeyga o‘xshaydi. Bugungi kunda bu yer 50 ga yaqin tarixiy obida va betakror cho‘l jozibasi bilan qadimgi O‘rta Osiyo haqida haqiqiy tasavvur beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi