Logo

Nemis matbuoti: Yaponiya va Markaziy Osiyo strategik sheriklikning yangi bosqichini boshlamoqda

Dekabr 29, 2025. 11:35 • 2 daq

85
Nemis matbuoti: Yaponiya va Markaziy Osiyo strategik sheriklikning yangi bosqichini boshlamoqda

BERLIN, 29-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi munosabati bilan Germaniyaning “Hauptstadtecho” nashrida maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada joriy yilning 19–20-dekabr kunlari Tokioda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” birinchi sammiti mavzusida so‘z yuritilgan. Ushbu yuqori darajadagi sammit nafaqat diplomatik uchrashuv, balki dunyoning yetakchi, iqtisodiy jihatdan salohiyatli bo‘lgan davlatlaridan biri hisoblangan Yaponiyaning mintaqa bilan strategik hamkorlikka qiziqishi ortib borayotgani talqin qilinadi.

Nemis jurnalisti Folker Nef munosabatlardagi yangi dinamikani bevosita O‘zbekiston Prezidentining konstruktiv tashqi siyosati bilan bog‘laydi. Qayd etilishicha, aynan O‘zbekiston yetakchisining tashabbuslari tufayli Markaziy Osiyo bugun xalqaro maydonda yaxlit va mustaqil siyosiy-iqtisodiy mintaqa sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu esa Yaponiya kabi yirik hamkorlar uchun mintaqaning jozibadorligini yana-da oshiradi.

Maqolada Yaponiyaning mintaqadagi obro‘si ishonchli va xolis hamkor sifatida taʼriflanadi. Muallifga ko‘ra, Tokio bilan o‘zaro hurmat va tenglikka asoslangan hamkorlik Markaziy Osiyo davlatlarining suveren taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Yaponiyaning Rasmiy taraqqiyot yordami tashkiloti, nafaqat infratuzilmaviy va moliyaviy ko‘mak, balki eng muhim soha — inson kapitaliga sarmoya kiritmoqda. Mingga yaqin Markaziy Osiyolik yosh mutaxassislarning ushbu mamlakatda tahsil olishi va innovatsion boshqaruv tajribasini o‘zlashtirishi mintaqadagi iqtisodiy islohotlar uchun drayver bo‘lib xizmat qilmoqda.

“Markaziy Osiyo + Yaponiya” birinchi sammiti strategik hamkorlikning yangi bobini ochish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratdi. Bugun mintaqa o‘zini xalqaro siyosatda ishonchli va mustaqil ishtirokchi sifatida namoyon etmoqda – Markaziy Osiyo teng huquqli hamkorlikka ochiq hamda kunchiqar mamlakat bilan birgalikda rivojlanishning yangi ufqlarini ochishga tayyorligini ko‘rsatmoqda”, deya xulosa qilingan nemis nashrida.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish