“Target” jurnali: 2025-yilda 12 million sayyoh – O‘zbekiston turizmda yangi bosqichga chiqmoqda
Mart 31, 2026. 10:05 • 2 daq
• 142
PEKIN, 31-mart. /“Dunyo” AA/. Xitoyda chop etiladigan ommabop “Target” turistik jurnalida O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuziga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, O‘zbekiston so‘nggi yillarda turizm sohasida barqaror o‘sishni namoyish etmoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, mamlakatga qariyb 12 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 16 foizga ko‘pdir.
Shu bilan birga, turizm xizmatlari eksporti 4,8 milliard AQSh dollaridan oshgan. Bu esa O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqish ortib borayotganini va mamlakat mintaqadagi eng jozibador sayyohlik yo‘nalishlaridan biriga aylanayotganini ko‘rsatadi.
Bunday natijalarga tizimli islohotlar tufayli erishilgan. Xususan, infratuzilma yaxshilanmoqda, transport imkoniyatlari kengaymoqda, xizmatlar raqamlashtirilmoqda va sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatda turistik klasterlarni rivojlantirish, xizmat sifatini oshirish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Xitoy nashri O‘zbekistonda joriy etilgan soddalashtirilgan viza tizimiga ham alohida e’tibor qaratgan. Hozirda 94 ta davlat fuqarolari uchun vizasiz tartib amal qiladi, 52 ta mamlakat fuqarolari elektron viza orqali kirishi mumkin, yana 45 ta davlat uchun esa 5 kunlik tranzit vizasi joriy etilgan.
Maqolada ta’kidlanishicha, O‘zbekiston barcha millat va din vakillari uchun ochiq, tinch va mehmondo‘st mamlakat hisoblanadi. Xalqaro reytinglar ham mamlakatda xavfsizlik darajasi yuqori ekanini ta’kidlaydi. Masalan, “International SOS Risk Map”ga ko‘ra, O‘zbekiston xavf darajasi past bo‘lgan davlatlar qatoriga kiritilgan. “Numbeo Safety Index” reytingida esa O‘zbekiston 148 davlat orasida 25-o‘rinni egallab, jinoyatchilik darajasi past ekanini ko‘rsatgan.
Shuningdek, “Solo Female Travel Safety Index” va “Safety Perceptions Index” reytinglarida mamlakat ayollar uchun yolg‘iz sayohat qilishda eng xavfsiz davlat sifatida 1-o‘rinni egallagan. “Gallup Global Law and Order Index” natijalariga ko‘ra esa, O‘zbekiston jamoat tartibi va huquqni muhofaza qilish organlariga ishonch darajasi bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallamoqda.
“Target” jurnali maqola yakunida “Bugungi O‘zbekiston sayyohlarga nafaqat Buyuk Ipak yo‘lining boy tarixi va madaniy merosini, balki zamonaviy infratuzilma, qulay sharoitlar va ochiq muhitni ham taklif etmoqda”, deya xulosa qilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi