Skandinaviya mamlakatlarida istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan ma’rifiy uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi
Mart 31, 2026. 12:28 • 2 daq
• 62
STOKGOLM, 31-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov boshchiligidagi delegatsiyaning Shvetsiyaga tashrifi doirasida Stokgolm shahrida 200 nafardan ziyod vatandoshlarimiz ishtirokida ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir avvalida Shvetsiyadagi elchixonamiz huzuridagi Milliy madaniy markaz rahbari Zilola Yulchiyeva Markaz faoliyati, xususan, xorijda milliylikni saqlash, hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan ma’naviy-ma'rifiy tadbirlar, sport musobaqalari va ta’lim-tarbiya ishlari yuzasidan taqdimot o‘tkazdi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda Shvetsiya, Norvegiya va Daniyada mehnat qilayotgan va istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz holidan xabar olish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ma’naviy hayotini boyitish borasida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar alohida e’tirof etildi.
Muftiy Nuriddin Holiqnazar o‘z nutqida yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada erishilayotgan yutuqlarga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, Ramazon hayiti arafasida Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy masjid-majmuasining foydalanishga topshirilishi nafaqat yurtdoshlarimiz, balki butun musulmon olami uchun katta bayram tuhfasi bo‘lgani qayd etildi.
Uchrashuv yakunida vatandoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar. Bu kabi muloqotlar xorijdagi yurtdoshlarimizning ona Vatan bilan aloqalarini yanada mustahkamlash va ularning ma’naviy birligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi