Toshkent–Frankfurt-Mayn–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha ilk reysi amalga oshirildi
Mart 31, 2026. 10:44 • 2 daq
• 134
FRANKFURT-MAYN, 31-mart. /“Dunyo” AA/. Kecha “Centrum Air” aviakompaniyasining Toshkent–Frankfurt–Mayn–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha ilk reysi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tantanali marosimda O‘zbekistonning Bosh konsulxonasi diplomatlari, aviakompaniya vakillari hamda Germaniyada istiqomat qilayotgan o‘zbek diasporasi ishtirok etdi. Tadbir avvalida bosh konsul Miranshox Raupov ishtirokchilarni ushbu muhim voqea bilan tabriklab, yangi aviaqatnov transport, iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘lishini ta’kidladi.
Tadbir doirasida an’anaviy tarzda ramziy lenta va bayram torti kesildi. Bu yangi aviaqatnov ochilishiga alohida bayramona ruh bag‘ishladi. Hozirgi vaqtda reyslar haftada ikki marta — dushanba va juma kunlari amalga oshirilmoqda.
Yangi yo‘nalish Germaniya va boshqa Yevropa davlatlaridan kelayotgan sayyohlar uchun O‘zbekistonga sayohatlarni osonroq rejalashtirish hamda mamlakatning tarixiy, madaniy va diqqatga sazovor joylari, jumladan, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlari bilan tanishish imkonini beradi.
Aviakompaniya chiptalarni qulay bron qilish, shaffof tarif tizimi, yo‘lovchilar uchun maxsus takliflar hamda bagaj tashish qoidalari haqida barcha zarur ma’lumotlarni taqdim etmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi