O‘zbekistonda o‘simliklarni changlatish bo‘yicha Britaniya tajribasi o‘rganiladi
Aprel 25, 2026. 13:55 • 2 daq
• 347
LONDON, 25-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi tashabbusi bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Buyuk Britaniyaning “PBS International” kompaniyasi vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv davomida kompaniya ijrochi direktori Xanna Senior O‘zbekistonda agrar sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholab, meva-sabzavotchilikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini diversifikatsiya qilishni kengaytirish hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish borasida olib borilayotgan izchil chora-tadbirlarni alohida eʼtirof etdi.
Britaniya tomoni mazkur yo‘nalishlarni amalga oshirishga amaliy hissa qo‘shishga tayyorligini bildirdi. Kompaniya changlatish jarayonlarini samarali boshqarish uchun innovatsion yechimlarni qo‘llagan holda yuqori sifatli va raqobatbardosh o‘simlik navlarini yaratish bo‘yicha hamkorlikdan manfaatdor ekanini maʼlum qildi.
Tomonlar seleksiya va urug‘chilik sohalarida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan tajriba almashish va ularning malakasini oshirish istiqbollarini muhokama qildi.
Muzokaralar yakunida hamkorlikni yana-da rivojlantirish va aniq qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
“PBS International” – o‘simliklar changlanishini nazorat qilish sohasidagi dunyoning yetakchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya seleksionerlar va urug‘chilar uchun mahsulotlar ishlab chiqarib, ularni dunyoning 35 dan ortiq mamlakatiga yetkazib beradi. Yarim asrlik tajribaga ega bo‘lgan ushbu tashkilot tijoriy urug‘chilik kompaniyalari va ilmiy muassasalar bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi