O‘zbekiston EXHT forumida bolalarni jinoiy faoliyatga jalb etishga qarshi kurashish tajribasini taqdim etdi
Aprel 24, 2026. 19:27 • 2 daq
• 106VENA, 24-aprel. /“Dunyo” AA/. Avstriya poytaxtida YEXHT tomonidan Odam savdosiga qarshi Alyansning 26-konferensiyasi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Yoshlarni jinoyatchilikka majburan jalb qilishga qarshi kurashishga bag‘ishlangan ushbu konferensiyada O‘zbekiston Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili Sayyora Rashidova ham ishtirok etdi.
YEXHTga aʼzo 57 ta davlat vakillari, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati ekspertlarini birlashtirgan anjumanda global xavfsizlikka tahdid solayotgan jinoiy tarmoqlar faoliyati alohida tahlil qilindi.
Ekspertlar zaif holatdagi shaxslar, ayniqsa, bolalarning jinoiy guruhlar tomonidan majburlab jalb etilishi va buning natijasida ular jabrlanuvchi sifatida emas, balki jinoyatchi sifatida baholanayotganini tanqid ostiga oldi.
Konferensiyada Bolalar ombudsmani Sayyora Raxmonova so‘zga chiqib, O‘zbekistonda bolalarni jinoiy faoliyatga jalb etishning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan qatʼiy choralar haqida maʼlumot berdi.
Xususan, mamlakatimizda qabul qilingan giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy strategiya doirasida voyaga yetmaganlarni narkojinoyatlarga undash og‘ir jinoyat sifatida eʼtirof etilgani va bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun jazo choralari kuchaytirilgani alohida taʼkidlandi.
Anjuman ishtirokchilari o‘z ixtiyoriga qarshi jinoyatga jalb etilgan shaxslarga nisbatan “jazolamaslik prinsipi”ni qo‘llash, ularni erta aniqlash va tizimli ravishda ijtimoiy integratsiya qilish masalalarida o‘zaro tajriba almashdi.
10 yildan buyon anʼanaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan ushbu konferensiya yangi global xavf-xatarlarga qarshi innovatsion va taʼsirchan mexanizmlarni ishlab chiqish hamda davlatlararo hamkorlikni mustahkamlashda muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


