O‘zbekiston mutaxassislari Latviyada ochiqlik va shaffoflik bo‘yicha o‘quv-kurslarida qatnashdi
Aprel 25, 2026. 12:55 • 2 daq
• 226RIGA, 26-aprel. /“Dunyo” AA/. Latviya poytaxtida O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarini mustahkamlash, davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni oshirish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘quv-kurslari bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu o‘quv-kurslari Latviyaning Moliya va shartnomalar agentligi hamda “Transparency International Latvia” tashkiloti hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, “NIHOL” tashabbuslarini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash markazi, O‘zbekiston NNT milliy assotsiatsiyasi, “Istiqbolli avlod” respublika ijtimoiy axborot markazi hamda boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar grant loyihalari doirasida o‘zaro tajriba almashib, ochiqlik va shaffoflik yo‘nalishida Latviya tajribasi bilan yaqindan tanishadi.
Seminarladra fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirish, davlat organlari va jamiyat o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmlari, korrupsiyaga qarshi kurashish va shaffoflikni ta’minlash, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish hamda fuqarolik faolligini oshirish, axborot bilan ishlash, tahlil qilish va faktlarni tekshirish kabi yo‘nalishlar qamrab olindi.
Delegatsiya uchun Latviyada qator davlat va jamoat tashkilotlariga tashriflar ham tashkil etildi. Jumladan, Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish byurosi, Latviya Fuqarolik alyansi, Jamiyatni integratsiya qilish jamg‘armasi, Ommaviy axborot vositalari mukammallik markazi, Riga shahar kengashi bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, shuningdek Kuldiga shahrida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or tajriba o‘rganildi.
Mazkur loyihaning keyingi bosqichi shu yil avgust–sentyabr oylarida O‘zbekistonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi

