O‘zbekiston va Janubiy Koreya axborot sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarmoqda
Aprel 05, 2026. 12:50 • 2 daq
• 144
SEUL, 5-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Koreya Respublikasi “Yonhap” milliy axborot agentligi vakillari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish masalalari yuzasidan uchrashuv tashkil etildi deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda “Yonhap” prezidenti Xvan De Ir, boshqaruv direktori Kan I Yon va xalqaro aloqalar bo‘yicha bosh menejer Xvan Sonik O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi strategik sheriklikda ommaviy axborot vositalari muhim rol o‘ynashi haqida fikr bildirdi. Mutaxassislar jamiyatda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar va yangiliklarni media olamida xolis va tezkor ravishda yoritilishi kerakligini qayd etdi.
Tomonlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Seulga tashrifi va 2026-yil sentyabrda bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammiti masalalarini muhokama qilishdi. Shu bilan birga, “Yonhap” agentligi O‘zbekistondagi islohotlarga bag‘ishlangan maxsus dastur tayyorlashni taklif qildi. Unda siyosiy-iqtisodiy islohotlar, investitsiya muhiti, madaniy meros, kreativ sanoat va Koreya kompaniyalari faoliyati yoritiladi.
Suhbat jarayonida agentlik va O‘zbekiston davlat axborot tuzilmalari o‘rtasida yangiliklar almashish va tezkor hamkorlik qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot kanallari yaratish rejalashtirildi. “Yonhap” vakillari xorijdagi koreys diasporasi tarixiga jamoatchilik qiziqishi katta ekanini taʼkidlab, 1930-yillarda Markaziy Osiyoga ko‘chib kelgan koreyslarning hissasi va anʼanalarini o‘rganishga qaratilgan qo‘shma jurnalistik ekspeditsiya tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar tizimli axborot hamkorligini rivojlantirish, ishchi aloqalarni qo‘llab-quvvatlash va kelishuvlarni amalga oshirishga kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi