Logo

Yangi O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha milliy tajribasi Lissabonda namoyish qilinadi

Yanvar 27, 2026. 11:09 • 2 daq

218
Yangi O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha milliy tajribasi Lissabonda namoyish qilinadi

LISSABON, 27-yanvar. /“Dunyo” AA/. 26–27-yanvar kunlari Portugaliya poytaxtida inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni joriy etishga qaratilgan davlat tuzilmalarini birlashtiruvchi “Amalga oshirish, hisobot berish va keyingi harakatlar bo‘yicha milliy mexanizmlar xalqaro tarmog‘i”ning uchinchi xalqaro seminari o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu seminar BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi ko‘magida Portugaliya Milliy inson huquqlari qo‘mitasi tomonidan tashkil etildi.

Seminar dunyoning turli mintaqalaridan inson huquqlari bo‘yicha milliy mexanizmlar, xalqaro tashkilotlar, BMT tizimi organlari, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati faollari va ilmiy doiralar vakillarini bir joyga to‘pladi.

Tadbir dasturiga ko‘ra, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi direktori Akmal Saidov maʼruza qildi. U nutqida Yangi O‘zbekistonning inson huquqlarini taʼminlash borasidagi tajribasi, idoralararo muvofiqlashtirish, huquq va erkinliklarni himoya qilish bo‘yicha xalqaro mexanizmlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasida inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar huquq va erkinliklarni himoya qilishning mavjud shakl va vositalarini to‘ldirishi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish haqidagi 56-moddaning mustahkamlangani ushbu tizimni institutsional jihatdan mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi. Konstitutsiyada davlatning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarni tashkil etish va ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish majburiyati to‘g‘ridan-to‘g‘ri belgilab qo‘yildi.

O‘zbekiston o‘z milliy tajribasini taqdim etish uchun Lissabon anjumaniga taklif etilgan Markaziy Osiyodagi yagona davlat hisoblanadi.

Yalpi majlislar va shuʼba yig‘ilishlarida BMT shartnomaviy organlari va Universal davriy sharh tavsiyalarining amaliy ijrosini taʼminlashda “Amalga oshirish, hisobot berish va keyingi harakatlar bo‘yicha milliy mexanizmlarning xalqaro tarmog‘i” qanday ahamiyat kasb etishi xususida atroflicha fikr yuritildi. Ishtirokchilar bu borada tavsiyalarni kuzatib borishning raqamli vositalaridan foydalanish, mintaqaviy va mintaqalararo tarmoqlarni rivojlantirish mexanizmlari yuzasidan fikr almashdi.

Tadbirning yakuniy xulosalari Asunsyon deklaratsiyasi va Marokash boshqaruv asoslari negizida ishlab chiqilgan “Amalga oshirish, hisobot berish va keyingi harakatlar bo‘yicha milliy mexanizmlarning xalqaro tarmog‘i”ning 2026–2031 yillarga mo‘ljallangan harakatlar rejasini rasman qabul qilishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo AA

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish