O‘zbekiston Dehli shahrida bo‘lib o‘tayotgan Osiyoning eng yirik ko‘rgazmada Hindiston bilan turistik sheriklikni mustahkamlamoqda
Fevral 26, 2026. 10:40 • 3 daq
• 174DEHLI, 26-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston delegatsiyasi chorshanba kuni Dehlidagi “Yashobhoomi” ko‘rgazmalar markazida ochilgan 33-Janubiy Osiyo sayohat va turizm ko‘rgazmasida (South Asia‘s Travel & Tourism Exchange - SATTE) ishtirok etmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mintaqa turizm industriyasining ushbu yirik voqeasi 60 ta davlatdan 2000 dan ziyod qatnashchini birlashtirdi. “SATTE-2026”da ishtirok etish O‘zbekistonning joriy yilda Hindiston bozoridagi keng ko‘lamli promo-kampaniyasining mantiqiy davomi bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, ushbu kampaniya fevral oyi boshida Mumbayda uyushtirilgan “OTM” ko‘rgazmasidagi muvaffaqiyatli taqdimot bilan boshlangan edi.
O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi, mamlakatimizning Dehlidagi elchixonasi hamda Hindistonning “Blink Brand Solutions” kompaniyasi ko‘magida tashkil etilgan O‘zbekiston milliy pavilyoni ko‘rgazmaning dastlabki soatlaridanoq ko‘plab tashrif buyuruvchilar va soha mutaxassislari eʼtiborini tortdi.
Mamlakatimizning boy turistik salohiyatini aks ettirgan stend eng gavjum muzokara maydonchalaridan biriga aylandi. Turizm qo‘mitasi va yetakchi turoperatorlar vakillari Hindiston kompaniyalari hamda Janubiy Osiyo davlatlaridan kelgan sheriklar bilan turkum B2B uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Hindistonlik sayyohlarning O‘zbekistonga qiziqishi yildan-yilga izchil o‘sib bormoqda. Xususan, 2025-yilda 80 mingdan ortiq Hindiston fuqarosi qadimiy o‘zbek shaharlarini ziyorat qildi. Joriy dinamikani hisobga olgan holda, 2026-yilda ushbu mamlakatdan O‘zbekistonga 100 ming nafar sayyoh kelishi kutilmoqda.
Bunday ijobiy o‘sish nafaqat geografik yaqinlik va boy madaniy-tarixiy meros, balki viza rejimini soddalashtirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar, jumladan, elektron viza tizimini joriy etilishi hamda aviaqatnovlarning faol kengaytirilishi bilan ham bog‘liq. Qayd etish joizki, 2026-yilning aprel oyiga kelib o‘zaro reyslar haftasiga qariyb 20 taga yetadi.
“SATTE-2026” arafasida mamlakatimizga “Versatile Media” yetakchi media-kompaniyasi tomonidan taʼsis etilgan nufuzli “VETA Awards” mukofotining topshirilishi alohida eʼtiborga molik voqea bo‘ldi. O‘zbekiston turizmni rivojlantirishdagi ulkan yutuqlari uchun ushbu yuqori mukofotga sazovor, deb topildi.
Turindustriyaning jahon yetakchilarini birlashtirgan ushbu mukofot O‘zbekistonning Osiyo turizm xaritasidagi asosiy ishtirokchi sifatidagi maqomini yana bir bor tasdiqladi hamda sheriklik aloqalarini yanada mustahkamlash, milliy brendni xalqaro maydonda kengroq ommalashtirish uchun kuchli turtki bo‘lib xizmat qiladi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi hamkorlik barqaror rivojlanmoqda va bunda turizm sohasi muvaffaqiyatli sheriklik hamda o‘zaro ishonchning yorqin namunasi bo‘lmoqda.
Avvalroq, Mumbaydagi “OTM” ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev Hindistonning “Wingspan” va “Blink Brand Solutions” kompaniyalari rahbariyati bilan mamlakatimiz turizm salohiyatini ilgari surishga qaratilgan yangi marketing strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazgan edi.
Ushbu strategiya doirasida hind va ingliz tillarida ixtisoslashtirilgan saytlar va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarni yaratish, shuningdek, hindistonlik sayyohlarni izchil jalb qilish uchun “MakeMyTrip”, “Yatra” va boshqa yirik platformalar bilan hamkorlik qilish rejalashtirilgan.
Mazkur qadamlar, jumladan, hindistonlik blogerlar va jurnalistlar uchun infoturlar tashkil etish, shuningdek, Dehli, Mumbay va Gurgaon shaharlarida O‘zbekistonning qadimiy shaharlari haqidagi videoroliklar namoyishini o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli reklama kampaniyasini o‘tkazilgani o‘z ijobiy natijalarini bermoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




