O‘zbekistonlik yosh tadqiqotchilar Turkiyada malaka oshirib qaytdi
Fevral 21, 2026. 14:00 • 54 soniya
• 86KONYA, 24-fevral. /“Dunyo” AA/. Konya shahridagi Nejmeddin Erbakan universitetida o‘zbekistonlik yosh tadqiqotchilar uchun “Qishki oromgoh” (Kış Kampı) tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Xorijdagi turklar va qardosh jamiyatlar boshqarmasi (YTB) ko‘magida amalga oshirilgan ushbu loyiha doirasida “Umumiy o‘tmish — mushtarak kelajak” shiori ostida o‘quv kurslari bo‘lib o‘tdi.
O‘quv kurslarida yurtimizdagi Alfraganus, Jizzax davlat pedagogika, Toshkent xalqaro kimyo va Urganch davlat universitetlari vakillari ishtirok etdi.
Loyihaning asosiy maqsadi ikki qardosh mamlakat oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida akademik muloqotni kengaytirish va ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida ishtirokchilar turkiyalik professor-o‘qituvchilarning dolzarb mavzulardagi maʼruzalarini tinglash bilan birga, o‘z ilmiy izlanishlari taqdimotini ham o‘tkazdi. Xususan, Gulnoza Odilova (Toshkent xalqaro kimyo universiteti), Maxsud Gulmanov (Urganch davlat universiteti) va Sharof Rashidovning (Jizzax davlat pedagogika universiteti) maʼruzalari anjuman qatnashchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Madaniy dastur doirasida o‘zbekistonlik mehmonlar Konya shahrining tarixiy obidalari – Jaloliddin Rumiy ziyoratgohi va qadimiy madrasalar bilan tanishib, Turkiyaning boy madaniy merosi haqida maʼlumot oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




