Logo

Oqtov shahrida Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi

Aprel 09, 2026. 09:30 • 2 daq

152
Oqtov shahrida Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi

OQTOV, 9-aprel. /“Dunyo” AA/. Qozog‘istonning Oqtov shahridagi Markaziy kutubxonada Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690-yilligiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Oqtovda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus vakillari, etnomadaniy markazlar, jamoat arboblari, talabalar, vatandoshlar, Mangistau viloyati hokimiyati hamda markaziy kutubxona xodimlari ishtirok etdi.

Suhbat davomida yurtimizning Oqtov shahridagi bosh konsulxonasi diplomatlari O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan aprel oyi “Amir Temur oyligi” deb eʼlon qilingani haqida maʼlumot berildi. Xususan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashabbusi bilan “Amir Temur va Temuriylar davlati” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazilishi, ilmiy nashrlar va targ‘ibot tadbirlari amalga oshirilishi rejalashtirilgani taʼkidlandi.

Ishtirokchilar o‘z chiqishlarida Amir Temurning jahon tarixi taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Uning Markaziy Osiyo, Yevropa va boshqa mamlakatlar tarixi va rivojiga ko‘rsatgan taʼsiri haqida fikr bildirildi.

Turkiya Bosh konsuli Sabri Alptekin o‘z nutqida Amir Temur jahon tarixida yirik davlat arbobi, mohir sarkarda hamda ilm-fan va madaniyat homiysi sifatida tanilganini taʼkidladi. U Temur va Temuriylar davri tarixini chuqur o‘rganish va uning haqqoniy jihatlarini keng jamoatchilikka yetkazish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekanini qayd etdi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga Amir Temur va Temuriylar tarixi bilan yaqindan tanishish maqsadida O‘zbekistonga, xususan Samarqand va Qarshi shaharlariga tashrif buyurish taklif qilindi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish