Logo

Londonda “Ulug‘ Amir va donna Mariya” filmining ilk katta taqdimoti o‘tkaziladi

Aprel 09, 2026. 10:08 • 2 daq

137
Londonda “Ulug‘ Amir va donna Mariya” filmining ilk katta taqdimoti o‘tkaziladi

LONDON, 9-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida va Kinematografiya agentligi bilan hamkorlikda Londonda Sohibqiron Amir Temurga bag‘ishlangan “Ulug‘ Amir va donna Mariya” filmining ilk katta taqdimoti o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Film Buyuk Britaniya poytaxtidagi eng nufuzli va tarixiy kino maskanlaridan biri “Regent Street Cinema” kinoteatrida joriy yil 27-aprel kuni keng jamoatchilik ishtirokida namoyish etiladi.

Taqdimot doirasida film ijodkorlari, kino sohasi vakillari hamda xorijiy mehmonlar ishtirok etishi kutilmoqda.

“Regent Street Cinema” 1848-yilda tashkil etilgan. U Londonning markazida joylashgan tarixiy kinozal bo‘lib, dunyodagi eng qadimgi faoliyat yuritayotgan kinoteatrlardan biri hisoblanadi. Kinoteatrda Buyuk Britaniyadagi ilk harakatlanuvchi kadrlarning (film) birinchi namoyishi ko‘rsatilgan. Bugungi kunda u nafaqat kino namoyishlari, balki madaniy va tarixiy tadbirlar uchun ham muhim markaz vazifasini bajaradi.

Mazkur premyera O‘zbekiston kinematografiyasini xalqaro maydonda keng targ‘ib etish, milliy tarix va madaniy merosni dunyo jamoatchiligiga yetkazish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida baholanmoqda. Bu kabi tadbirlar orqali milliy kino sanʼati nufuzi oshib, yangi xalqaro hamkorliklar uchun zamin yaratiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish