Hindiston Milliy mudofaa kollejida O‘zbekistonga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi
Aprel 26, 2026. 09:10 • 2 daq
• 400DEHLI, 26-aprel. /“Dunyo” AA/. Hindiston Milliy mudofaa kollejida mazkur taʼlim muassasasida tahsil olayotgan mamlakatimiz harbiy xizmatchilari tomonidan O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida brifing tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir O‘zbekiston bugun qo‘lga kiritayotgan yutuqlar, mamlakatimizdagi yangilanish jarayoni, shuningdek, o‘zbek xalqining boy tarixiy-madaniy merosini ommalashtirishga bag‘ishlandi.
Brifingda 200 ga yaqin kishi, jumladan, kollej professor-o‘qituvchilari, 30 dan ortiq mamlakatdan kelgan tinglovchilar hamda ularning oila aʼzolari ishtirok etdi.
O‘zbek ofitserlari mamlakatimizning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati haqida batafsil so‘zlab berdi.
Quyoshli yurtimiz turizm sohasi Buyuk ipak yo‘li mehmondo‘stligi anʼanalarining xalqaro darajadagi zamonaviy servis bilan uyg‘unlashgan, mahalliy va xorijiy sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otadigan o‘ziga xos taassurotlar rang-barang jilosi sifatida taqdim etildi.
Harbiy qurilish sohasidagi izchil islohotlar hamda O‘zbekiston Qurolli kuchlarining mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashdagi roliga alohida eʼtibor qaratildi.
Milliy mudofaa kolleji rahbariyati bu kabi tadbirlarning millatlararo va madaniyatlararo aloqalarni rivojlantirishdagi ahamiyatini qayd etdi.
Brifing O‘zbekistonning izchil taraqqiy etayotgan, ochiq va xalqaro ko‘lamda nufuzli davlat sifatidagi imijini mustahkamlashga xizmat qilgani eʼtirof etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



