O‘zbekistonlik mutaxassislar Fransiya va Yevropa kosmik loyihalarida ishtirok etadi
Aprel 24, 2026. 11:55 • 2 daq
• 285
PARIJ, 24-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Nodir G‘aniyev Fransiya Milliy kosmik tadqiqotlar markazi (“CNES”) rahbari Fransua Jak bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida kosmik sohada O‘zbekiston-Fransiya hamkorligini yana-da mustahkamlash va uni institutsional darajada kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qilindi.
Fransiya tomoniga O‘zbekistonda kosmik sohada amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida batafsil maʼlumot berildi. Xususan, 2028-yilda “Mirzo Ulug‘bek” nomli ilmiy sunʼiy yo‘ldoshni uchirish rejalashtirilgani hamda birinchi o‘zbek kosmonavtini tayyorlash ishlari boshlangani qayd etildi.
O‘z navbatida, markaz rahbari o‘zbekistonlik mutaxassislarning Fransiya va Yevropa kosmik loyihalarida ishtirokini taʼminlash, muhandislarni tayyorlash, stajirovka va tajriba almashish dasturlarini tashkil etish, “CNES”ning grant va texnik ko‘mak mexanizmlaridan foydalanish, shuningdek, Yerni masofadan zondlash va sunʼiy yo‘ldosh maʼlumotlariga ishlov berish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish kabi bir qator yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikning belgilab olingan yo‘nalishlarini batafsil ishlab chiqish maqsadida O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “O‘zbekkosmos” agentligi va “CNES” o‘rtasida videokonferensiya tashkil etishga kelishib oldilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi