YEXHTda Samarqand global forumi natijalari muhokama qilindi
May 09, 2026. 16:00 • 2 daq
• 40
VENA, 9-may /“Dunyo” AA/. Shu yil aprel oyida Samarqand shahrida BMT Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan “Transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish: salomatlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanish” mavzusidagi global forum yakunlari YEXHT Doimiy kengashi yig‘ilishida muhokama qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Forum yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Samarqand deklaratsiyasi hamda Xalqaro yoshlar sammitining “Youth Call for Action” murojaati YEXHTning rasmiy hujjatlari sifatida ishtirokchi davlatlar, tashkilot institutlari va hamkor mamlakatlarga tarqatildi.
Yig‘ilish davomida hozirgi murakkab xalqaro vaziyatda jahon hamjamiyatining yanada qat’iy va muvofiqlashtirilgan harakatlarga bo‘lgan ehtiyoji har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etayotgani alohida ta’kidlandi.
Ishtirokchilar uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalarni ishlab chiqarish va tarqatishning yangi shakllari insoniyat uchun transmilliy tahdidlar ko‘lami kun sayin kengayib borayotganidan xavotir bildirdi.
Yoshlar o‘rtasida yangi sintetik narkotiklar, psixotrop va kuchli ta’sir etuvchi moddalar tarqalishiga alohida e’tibor qaratildi.
YEXHTdagi muhokamalar doirasida O‘zbekiston Prezidentining Samarqand global forumida ilgari surgan tashabbuslari ham taqdim etildi. Xususan, quyidagilar taklif qilindi:
– barcha ishtirokchi davlatlar huquq-tartibot idoralari ma’lumotlar bazasini birlashtiradigan va sun’iy intellekt asosida ishlaydigan yagona raqamli platformani ishga tushirish;
– kripto-birjalar uchun majburiy identifikatsiya standartlarini global darajada birxillashtirish, ofshor yurisdiksiyalar bilan ma’lumot almashish bo‘yicha majburiy kelishuvlarni joriy etish hamda “noma’lum manba” mablag‘larini avtomatik tarzda bloklash mexanizmlarini ishlab chiqish;
– sintetik narkotiklarga qaram bo‘lib qolgan bemorlarni samarali davolash bo‘yicha zamonaviy metodika va standartlarni birgalikda ishlab chiqish;
– giyohvandlikka chalingan shaxslarni tibbiy reabilitatsiya qilish sohasida tajriba almashish maqsadida Markaziy Osiyo narkologlar assotsiatsiyasini tashkil etish;
– narkotrafik xavfi yuqori bo‘lgan hududlar uchun “maxsus rivojlanish dasturi”ni ishlab chiqish.
Samarqand forumi natijalari YEXHT ishtirokchi davlatlari tomonidan yuqori baholandi. Xususan, giyohvandlikka qarshi kurash butun insoniyatning umumiy mas’uliyati sifatida qayd etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi