O‘zbekistonning Nepaldagi birinchi elchisi ushbu mamlakat Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Dekabr 12, 2025. 17:40 • 2 daq
• 157
KATMANDU, 12-dekabr. / “Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Nepaldagi birinchi elchisi (qarorgohi Dehli shahrida) Sardor Rustamboyev ushbu mamlakat Prezidenti Ramchandra Paudelga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nepal rahbari O‘zbekistonning birinchi elchisi tayinlangani uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Toshkent bilan ko‘p qirrali aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.
Uchrashuv davomida tomonlar ikki tomonlama kun tartibidagi keng ko‘lamli masalalarni muhokama qildi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi. Nepal tomoni gidroenergetika, turizm va taʼlim kabi sohalarda o‘zaro aloqalar uchun ulkan salohiyat mavjudligini qayd etib, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Prezident Ramchandra Paudel, xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish muhimligini qayd etdi. U global iqlim o‘zgarishi va tog‘lar ekologiyasi kabi dolzarb masalalar bo‘yicha birgalikda ishlashga bo‘lgan o‘zaro qiziqishga eʼtibor qaratdi.
Suhbat yakunida Ramchandra Paudel Nepalning uzoq muddatli do‘stona sheriklikka sodiqligini tasdiqladi va O‘zbekiston bilan hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan barcha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini maʼlum qildi.
O‘zbekiston va Nepal o‘rtasida diplomatik munosabatlar 2018-yil 26-yanvar kuni o‘rnatilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning yangi elchisi Sardor Rustamboyev Dehlida 2024-yil yanvar oyida o‘z faoliyatini boshlagan. Bundan oldin u mamlakatimizning Fransiya va Portugaliyadagi diplomatik vakolatxonasiga rahbarlik qilgan. Diplomat 45 yoshda. Birmingem universiteti (Buyuk Britaniya), Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, London universitetining (Buyuk Britaniya) Sharq va Afrika tadqiqotlari maktabi, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini bitirgan. Siyosiy fanlar nomzodi ilmiy darajasiga ega.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Buyuk Britaniyalik jurnalistga “Oltin qalam” milliy mukofoti topshirildi
O‘zbekiston va Pokiston xavfsizlik sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi