Logo

O‘zbekiston tibbiyot sohasi vakillari Vengriyada tajriba oshirdi

May 06, 2026. 16:25 • 2 daq

164
O‘zbekiston tibbiyot sohasi vakillari Vengriyada tajriba oshirdi

BUDAPESHT, 8-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tibbiyot muassasalari vakillaridan iborat delegatsiya sog‘liqni saqlash sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Vengriyada tajriba oshirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu tashrif O‘zbekistonning Budapeshtdagi elchixonasi tomonidan Vengriyaning “OTP Bank”i bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Delegatsiya tarkibidan Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi hamda bank sektori vakillari joy oldi.

Dasturga ko‘ra delegatsiya aʼzolari “Buda Health Centre” tibbiyot markazi faoliyati yaqindan bilan tanishdi. U yerda resurslarni boshqarish, sog‘liqni saqlash menejmenti, tibbiy xizmatlar marketingi, sug‘urta tibbiyoti hamda xaridlar tizimi bo‘yicha seminar va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Shu bilan birga, ishtirokchilar klinikalar faoliyatini tashkil etish va tibbiy xizmat ko‘rsatishning zamonaviy standartlaridan ham boxabar bo‘ldi.

Tashrif doirasida Zemmelvays universitetiga ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot jarayonida sog‘liqni saqlash sohasida kadrlar tayyorlash, akademik almashinuv va qo‘shma ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirish masalasida fikr almashildi.

“OTP Bank”da tashkil etilgan uchrashuvda qo‘shma loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish, tibbiy infratuzilmani modernizatsiya qilish hamda innovatsion yechimlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Tashrif kompleks xarakterga ega bo‘lib, u klinik, boshqaruv, taʼlim va moliyaviy yo‘nalishlarni qamrab olgan. Uning natijalari O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimiga ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish va ikki tomonlama hamkorlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish