Germaniyadan munosabat: Turkiyaning jiddiy sinovli damlarida O‘zbekiston qardosh xalq sifatida katta yordam ko‘rsatgan
Yanvar 31, 2026. 12:30 • 2 daq
• 58
BERLIN, 31-yanvar. /“Dunyo” AA/. Germaniyadagi “MÜSIAD Hessen e.V.” Tadbirkorlar uyushmasi raisi o‘rinbosari Ilyos Gujlyu “Dunyo” AA uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga rasmiy tashrifi yakunlari yuzasidan fikr bildirdi:
– Ushbu tashrif diplomatik voqeadan ko‘ra muhimroqdir. U ikki turkiy xalqning vaqt sinovidan o‘tgan va amalda o‘z tasdig‘ini topgan chinakam do‘stligi va hamjihatligining ramzidir.
2023-yil fevral oyida Hatay va Gaziantep viloyatlarida yuz bergan zilzila minglab uylarni vayron qilib, ko‘plab insonlarning qurbon bo‘lishiga olib kelgani Turkiya uchun jiddiy sinov bo‘ldi. Ana shunday sinovli damlarda O‘zbekiston tom maʼnodagi qardosh xalq sifatida o‘zini ko‘rsatdi: qutqaruv va tibbiyot brigadalari yuborildi, oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va eng zarur buyumlar olib kelindi, jabrlangan oilalar uchun Arsuz tumanida turar joy majmuasi barpo etildi. Ushbu saʼy-harakatlar mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik so‘z va deklaratsiyalar bilan cheklanib qolmasligini, u aniq ishlar va insoniy qo‘llab-quvvatlash bilan o‘lchanishini yaqqol ko‘rsatadi.
Ko‘p yillardan buyon O‘zbekiston–Turkiya munosabatlari ishonch, o‘zaro anglashuv, barqarorlik va farovonlikka umumiy intilish ruhida rivojlanib kelmoqda. Diplomatik aloqalar, Strategik hamkorlik kengashining tashkil etilishi va uning oliy darajadagi muntazam yig‘ilishlari mustahkam institutsional poydevor yaratmoqda.
O‘zbekiston Prezidentining Turkiyaga beshta tashrifi va Turkiya rahbarining javob tashriflari o‘zaro hamkorlikning yuksak darajasini hamda ikki mamlakat iqtisodiyot va transportdan tortib fan va madaniyatgacha bo‘lgan barcha muhim yo‘nalishlarda saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirishga tayyorligini tasdiqlaydi.
Iqtisodiy hamkorlik ham munosabatlarning barqarorligi va amaliy ahamiyatini ko‘rsatadi. Imzolangan Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim biznes va investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlar ochdi, transport yo‘laklarini rivojlantirish, faol aviaqatnovlar va infratuzilma loyihalari mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlamoqda.
Madaniy-gumanitar yo‘nalish ham muhim ahamiyatga ega: umumiy tarix, til va anʼanalar, atoqli fan va madaniyat arboblariga hurmat ishonch va o‘zaro hurmat muhitini yaratadi, bu esa jamiyat darajasidagi munosabatlarni mustahkamlaydi.
O‘zbekiston va Turkiya og‘ir damlarda bir-birini qo‘llab-quvvatlashga, kelajakni birgalikda qurishga, turkiy xalqlarning ishonchi, mushtarak qadriyatlari va maʼnaviy yaqinligiga asoslangan aloqalarni mustahkamlashga tayyor ekanini tasdiqlaydi. Ushbu tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik vaqt sinovidan o‘tayotgani, odamlarga real foyda keltiradigan aniq, sezilarli harakatlarda namoyon bo‘layotganining yorqin dalilidir.
Shunday qilib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi nafaqat diplomatik qadam, balki insonparvarlik masʼuliyati, qardoshlarcha hamjihatlik va strategik sheriklik ramzidir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
